17:05 / 27.02.2016
9076

Odamlarni millionlarga tushirgan andijonlik tovlamachi jazolandi

Andijon viloyatida tug‘ilgan fuqaro bir necha odamlarni aldab, turli va'dalarga ishontirib, bergan pullarini o‘zlashtirib yuborgani aniqlandi.

Uning ustidan yozilgan shikoyat arizasidan so‘ng, olib borilgan surishtiruv-tergov jarayonlarida ayblanuvchi ko‘plab fuqarolarning ishonchiga kirib, tovlamachilik jinoyatini sodir etgani ma'lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, ayblanuvchi xotinining vafotidan so‘ng, pul topish maqsadida Angren shahriga boradi va u yerda bir ayol bilan tanishib qoladi. 2010 yilda ular sha'riy nikohdan o‘tishadi. Orada ayolga qarashli uyni 11 ming AQSh dollariga sotishadi. Yigit sha'riy xotidan “Toshkentda biznes boshlayman”, deb 7000 AQSh dollarini oladi, biroq bir so‘mini ham qaytarmaydi. Ikki orada ayol uysiz qoladi.

“Ogoh” gazetasining yozishicha, u sha'riy xotinining tanishi bo‘lgan ayoldan “Kobalt” rusumli avtomashina olib beraman, deb 3000 AQSh dollarini olgan va qaytarmagan. Shuningdek, yana bir ayolni 2011 yildan 2014 yilgacha aldab, 11000 AQSh dollari, 5 million 400 ming so‘m, qiymati 3 million so‘mlik teleffon apparati va yana bir qancha qimmatbaho buyumlarini olib, qaytarib bermagan.

Qallob bundan tashqari bozorda ham bir necha odamlarning soddaligidan foydalanib, ishlarini hal qilib berish maqsadida pul olib, o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgani aniqlandi.

Ayblanuvchi O‘zbekiston Respublika JKning tegishli moddalariga muvofiq, jinoiy javobgarlikka tortildi.

Top