23:29 / 28.02.2016
3620

APL, 27-tur: "MYu" "Arsenal"ni, "Tottenhem" "Suonsi"ni yengdi

28 fevralda Angliya Premer-ligasi 27-turining markaziy uchrashuvida "Manchester Yunayted" o‘z maydonida "Arsenal"ni qabul qildi va 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.

Mankunianliklar 29-daqiqada APLda ilk bor maydonga tushgan 18 yoshli futbolchi Markus Rashfordning goli evaziga hisobda oldinga chiqib oldilar. Bor-yo‘g‘i 3 daqiqa o‘tib Rashford yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol etdi. 1-bo‘lim oxirida londonliklar Denni Uelbekning goli evaziga bitta javob to‘pini qaytarishga muvaffaq bo‘lishdi. 65-daqiqada mezbonlar yana bitta to‘p kiritishdi: bu gal ham golning urilishi Rashfordning ishtirokisiz o‘tmadi, u Andera Erreraga golli uzatma oshirdi. Bir necha daqiqa o‘tib Mesut Ozil hisobdagi farqni minimal ko‘rinishga keltirdi, biroq mehmonlar bundan ortig‘iga erisha olmadilar.

"MYu" 44 ochko bilan APL jadvalining 5-o‘riniga ko‘tarilib oldi, "Arsenal" esa 51 ochko bilan 3-o‘rinda qoldi.

Angliya Premer-ligasi, 27-tur
Manchester Yunayted – Arsenal – 3:2
Gollar: Rashford, 29 (1:0); Rashford, 32 (2:0); Uelbek, 40 (2:1); Errera, 65 (3:1); Ozil, 69 (3:2).

Shu kuni o‘tgan yana bir uchrashuvda "Tottenxem" o‘z maydonida "Suonsi" ustidan 2:1 hisobida irodali g‘alabaga erishdi.

"Shporlar" 19-daqiqada to‘p o‘tkazib yuborishdi: "oqqushlar" tarkibida jamoaning yangi o‘yinchisi Alberto Paloski o‘z hisobiga bitta to‘p yozib qo‘ydi. Maydon egalari o‘yin taqdirini 2-bo‘limda o‘zgartira olishga muvaffaq bo‘ldilar: 70-daqiqada Nosir Shodli hisobni tenglashtirdi, 77-daqiqada esa g‘alaba to‘pini Denni Rouz kiritdi.

APLda 2-o‘rinni egallayotgan "Tottenhem" peshqadam "Lester"dan 2 ochko ortda va 3-o‘rindagi "Arsenal"dan 3 ochko oldinda bormoqda. "Suonsi" esa 16-o‘rinni egallamoqda.

Tottenxem Xotspur – Suonsi Siti – 2:1
Gollar: Paloski, 19 (0:1); Shodli, 70 (1:1); Rouz, 77 (2:1).

Top