11:59 / 28.02.2016
3594

Nyu-Yorkdagi auksionda 300 ta noyob gitara sotildi

Guernsey's auksion uyi 27 fevralda Nyu-Yorkda 300 ta noyob gitara savdosini o‘tkazdi. Auktsion natijalariga ko‘ra 1,34 mln dollar olindi. Ba'zi gitaralar kutilganidan kamroq narxga sotildi.

Savdolarning yetakchi loti blyuz ijrochi Jonni Vinter uchun maxsus yaratilgan gitara bo‘ldi. White Lazer deb nomlangan gitarani sotuvga musiqachining yaqinlari qo‘yishgan. Gitara 180 ming dollarga sotildi. Bu narx auksion uyi unga olmoqchi bo‘lgan qiymatdan 2 barobar kamroqni tashkil qildi.

95 ming dollarga rejissyor Richard Bruksning filmlaridan biri bilan bog‘liq bo‘lgan ikkita gitara sotildi. Bu lot auksionchilar kutgandan a'lo narxga sotildi.

1980-yillarda amerikalik musiqachi Eddi Van Xalen uchun maxsus yaratilgan Charvel gitarasi 67 ming dollarga sotildi. Unga qo‘shimcha ravishda gitara aynan musiqachi tomonidan xarid qilinganini tasdiqlovchi chek ham qo‘shib berildi.

Britaniyalik mashhur rok-musiqachi Erik Klepton tomonidan imzolangan Fender Stratocaster markasidagi gitara 4 ming dollarga sotildi.
Biroq auksion oldidan eng qimmat narxga ketishi kutilgan gitaralardan biri Gibson Super 400 CES gitarasi o‘z xaridorini topa olmadi. Bu gitara 1952 yilda musiqachi Toni Mottola uchun maxsus yaratilgan. Gitaraning narxi 100 ming dollarga baholangan edi.

Shuningdek, auksionga qo‘yilgan gitaralar orasida 1800-yillarda yasalganlari ham bo‘lgan. Bu gitaralardan askariyati AQShda mashhur bo‘lgan musiqachilar va san'at shaydolari shaxsiy kolleksiyalarida saqlangan.

Top