08:39 / 29.02.2016
3886

MRBning sobiq rahbari Sergey Lavrovning elektron pochtasiga kirish uchun barcha narsaga tayyorligini tan oldi

Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq rahbari Maykl Xeyden CNN telekanaliga bergan intervyusida Xillari Klintonga tegishli elektron pochta bilan bog‘liq mojaroga izoh berish davomida Rossiya tashqi ishlar vaziri darajasidagi odamlarning elektron yozishmalariga kirishga muvaffaq bo‘lishdan juda mamnun bo‘lishini tan oldi. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi ma'lum qildi.

"Agar menga kimdir Sergey Lavrov yoki uning mavqeidagi biror odam himoyalanmagan shaxsiy pochta qutisidan foydalanishini aytganda, men unga kirish uchun barcha imkoni bor narsani amalga oshirgan bo‘lardim", deb aytdi Xeyden.

Xeyden "hattoki maxfiy bo‘lmagan ma'lumotdan ham ko‘p narsani bilib olish mumkinligini" ta'kidlab o‘tdi.

"Men Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga nisbatan qandaydir harakatlar amalga oshirganmiz, deb aytmoqchi emasman. Men shunchaki, Xillari Klinton davlat kotibi sifatida xorijiy razvedkalar uchun nishon bo‘lib hisoblanishini aytmoqchiman", deb qo‘shimcha qildi Xeyden.

2015 yil martda Klinton ishchi yozishmalar uchun o‘zining shaxsiy elektron pochtasidan foydalangani ma'lum bo‘lgandi, bu esa AQSh federal qonuni tomonidan o‘rnatilgan talablarni buzgan bo‘lishi mumkin.

Top