12:37 / 29.02.2016
22148

O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotish asoslari va uni rasmiylashtirish tartibiga o‘zgartish kiritildi

2016 yil 17 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida”gi Farmonga imzo chekdi. Bu haqda xushnudbek.uz cayti xabar bergan.

Farmonga ko‘ra, 1992 yil 20 noyabrdagi PF-500-sonli Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritildi.

Kiritilgan o‘zgartirish mazmunini tahlil qiladigan bo‘lsak, “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotish asoslari va uni rasmiylashtirish tartibi” nomli 4-bo‘limi yangidan tahrirlandi.

Yangi tahrir natijasida quyidagi asosiy o‘zgartirishlar kiritildi:

1. Eng avvalo ayrim atamalar zamonaviy qonunchilik texnikasiga moslashtirildi. Masalan, “ajnabiy davlat” atamasi “chet davlat”ga, “yustitsiya organlari” atamasi “adliya organlari” atamasiga o‘zgartirildi.

2. Avvalroq 2015 yil 10 avgust kuni «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirish kiritilgani, unga ko‘ra, agar shaxs xorijiy davlat foydasini ko‘zlab faoliyat yuritish yoki tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar sodir etish orqali jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan bo‘lsa ham O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi yo‘qotilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Nizomga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, yuqoridagi holatlar sodir etilganda, fuqarolikni yo‘qotish qanday tartibda rasmiylashtirish belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, quyidagi asoslar bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi yo‘qotilishi mumkin:

- shaxs chet davlatda harbiy xizmatga, xavfsizlik xizmati idoralariga, politsiyaga, adliya idoralariga yoki davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa idoralariga ishga kirganligi natijasida;

- agar chet elda doimiy yashovchi shaxs besh yil davomida uzrli sabablarsiz konsullik hisobiga turmagan bo‘lsa;
 - agar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi yolg‘onligi shak-shubhasiz ma'lumotlar yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida olingan bo‘lsa;
- agar shaxs xorijiy davlat foydasini ko‘zlab faoliyat yuritish yoki tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar sodir etish orqali jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan bo‘lsa.

Top