09:22 / 01.03.2016
2486

AQSh sudi Apple’ni narkosavdogarning smartfoni blokirovkasini ochish talab qilingan ishda himoya qilib chiqdi

Amerika hukumati Apple kompaniyasini Nyu-Yorkda noqonuniy giyohvand moddalari savdosida ayblanib, qo‘lga olingan narkosavdogarning iPhone smartfoni blokirovkasini ochishga majburlashga haqli emas. Bruklin sudi shunday qaror chiqargan.

Huquqni muhofaza qilish organlari 2015 yilning oktabridan beri, (o‘shanda San-Bernardino terakti ijrochilaridan biri Said Faruqning telefoniga ham ma'lumot olish uchun kirishni ta'minlovchi maxsus dasturiy ta'minot taqdim etishni talab qilgandi) bu iPhone 5S rusumli bu telefon blokirovkasini ochishni talab qilib kelmoqda. Kompaniya bu talabga qat'iyan rad javobi bermoqda.

Adliya vazirligidagilar sud qaroridan norozi bo‘lishgan va yuqori sudga murojaat qilishlarini bildirishgan.

Nyu-Yorkdagi ish bo‘yicha qo‘lga olingan Jan Fen o‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olgan, lekin organlar uning smartfonida muhim ma'lumotlar borligiga umid bildirishmoqda.

25 fevral kuni Apple kompaniyasi sudga murojaat qilib, unga Federal qidiruv byurosiga terrorchi Said Faruqning smartfoniga buzib kirishda yordam berish majburiyatini yuklagan qarorni bekor qilishni so‘radi. Apple FQB bilan hamkorlikdan bosh tortishini ma'lum qildi. Bu qaror AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan Birinchi tuzatish bilan asoslandi. Arizada aytilishicha, ushbu talab Apple kompaniyasining AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan Birinchi tuzatish orqali kafolatlangan fikr bildirish uchun majburlanmaslik huquqini buzadi.

16 fevral kuni sudya Sheri Pim AQShning Apple korporatsiyasi Federal qidiruv byurosi xodimlariga «San-Bernardino mergani»ning telefonini buzib, undagi ma'lumotlarni olishda yordam berishi lozimligi haqida qaror qabul qilgandi.

17 fevral kuni Tim Kuk Apple’ning FQBga yordam berishi borasidagi sud qaroriga e'tiroz bildirdi.

Ko‘p o‘tmasdan Google (vitse-prezident Sundar Pichai) va WhatsApp (bosh direktor Yan Kum) terrorchi telefoni himoyasini buzishni rad etgan Apple’ni qo‘llab-quvvatladi. Keyinroq Facebook va Twitter ham bu borada Apple’ni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 2 dekabr kuni AQSh fuqarosi Said Faruq turmush o‘rtog‘i Teshfin Malik bilan San-Bernardinodagi nogironlarga yordam ko‘rsatish markaziga uyushtirgan hujumi oqibatida 14 kishi halok bo‘lgan, 21 kishi jarohat olgan edi. Politsiya tomonidan yo‘q qilingan terrorchilar IShIDga dahldorligi aytilgan edi.

Top