17:59 / 01.03.2016
8218

DiKaprio «Oskar» haykalchasini restoranda unutib qoldirdi

«Oskar»ning bu yilgi taqdimotida «Eng yaxshi aktyor» nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topilgan Leonardo DiKaprio o‘zining ilk haykalchasini restoranda unutib qoldirdi. Bu haqda TMZ portali xabar bergan.

Nashrda yozilishicha, DiKaprio uzoq yil kutishlardan keyin kelgan yutug‘ini Ago restoranida nishonlagan. U ziyofatdan chiqib, limuzinga minganida restoran xodimi haykalchani ko‘targan holda ortdan yetib kelgan. Shunda undan "buni o‘zingiz bilan olib ketmaysizmi?" deya so‘ragan.

Bunga javoban u haykalchasini restoran xodimlaridan biriga qo‘riqlash uchun topshirgani haqida aytgan.

Eslatib o‘tamiz, Di Kaprio «Omon qolgan» filmidagi ijrosi uchun yilning eng yaxshi aktyori deb topilib, faoliyatida birinchi marta «Oskar» haykalchasi bilan taqdirlandi.

Di Kaprio nomi e'lon qilingach, Twitter foydalanuvchilari bu haqda daqiqasiga 440 mingtadan tvit qoldira boshlagan. Shuningdek, ushbu jarayon haqida Facebook'da ham eng ko‘p post qoldirilgan.

Top