18:05 / 03.03.2016
3198

Ayollar futboli - o‘zbek sportining yangi timsoli

2015 yilda Toshkentdagi Oliy o‘quv yurtlari talaba qizlari o‘rtasida ilk bor ayollar futboli bo‘yicha birinchi turnir bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ayollar futbolini rivojlantirishga hissa qo‘shish maqsadida O‘zbekiston Futbol federatsiyasi va Ayollar futbol Assotsiatsiyasi bilan xamkorlik qilishga qaror qildi.

Shu munosabat bilan o‘tgan yilning 5 dekabridan shu yilning 4 martiga qadar O‘zbekistonda ayollar futboli trenerlarini malakasini oshirish maqsadida o‘zbek-german qo‘shma loyihasi hayotga tatbiq etildi. Buning uchun Germaniya tashqi ishlar vazirligi, Nemis Olimpiya sport Ittifoqi va O‘zbekiston Ayollar futbol Assotsiatsiyasi tashabbus bilan chiqdi. Loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekistonga germaniyalik taniqli trenener, FIFAning sobiq konsultanti Monika Shtaab taklif etildi.

Trenerlar uchun seminar doirasida 9—23 dekabr kunlari Qarshida, darvozabonlar uchun esa yanvar oyida Olmaliqda va Toshkentda tadbirlar o‘tkazildi. O‘zbekistondagi faoliyati mobaynida Monika Shtaab xonim O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, Xalq ta'limi vazirligi qoshidagi Bolalar sportini rivojlantirish boshqarmasi, O‘zbekiston Futbol federatsiyasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Safari yakunlanish munosabati bilan Monika Shtaab ommaviy axborot vositalari vakillari bilan xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazdi. Uchrashuv avvalida uning O‘zbekistondagi faoliyati aks etgan 10 daqiqalik lavha namoyish etildi. “Andijon polkasi” musiqasi ostidagi bu lavha qarsaklar bilan kutib olindi. Shundan so‘ng Monika Shtaab o‘z tasssurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

U ilk bor O‘zbekistonga 2010 yilda kelganini, bu galgisi ikkinchisi ekanini ta'kidlar ekan, uch oylik muddat xuddi samolyot parvozi kabi bir zumda o‘tib ketganini aytdi. Shu muddat ichida bir daqiqa ham zerikmaganini ta'kidlab o‘tdi va ayollar futbolini rivojlantirish yo‘lida ko‘p ish qilinganligini qayd qildi. O‘zbekistonda ayollar futbolini rivojlantirish yo‘lida ko‘p ishlar qilinayotganini aytar ekan, “Boshlangan xayrli ishlar o‘z mevasini bermoqda”, dedi germaniyalik murabbiy. Shu o‘rinda mahallalarda bu borada ko‘p ishlar qilinayotganiga alohida urg‘u berdi. Osiyoda ayollar futboli bo‘yicha O‘zbekiston birinchi o‘ntalikka kirishini ta'kidlab o‘tdi va tez orada yanada yaxshi natijalarga erishishiga ishonishini aytdi.

O‘z so‘zini tugallar ekan, o‘zbeklarning mehmondo‘stligiga tan berishini ta'kidladi. “Har bir mintaqaga borsam, xilma-xil palovlari bilan kutib olishdi. Har bir palovning o‘z bahosi bor. Germaniyada o‘zbek palovlarini sog‘inaman, albatta” dedi u. Shuningdek, u o‘zbek musiqalaridan rohatlanishga o‘rganib qolganini qayd qildi. “O‘zbeklar musiqa eshitar ekan, bu tinchlikdan dalolatdir”, dedi Monika xonim.

Savol-javoblardan so‘ng, elchixona hovlisida qabul marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Naytxart Xyofer-Vissing O‘zbekistonda sport, jumladan futbolga berilayotgan e'tiborga yuqori baho berdi. «Biz O‘zbekistonda ayollar futboli rivojlanishiga yordam berayotganimizdan xursandman», dedi elchi. Tadbir yakunida Monika Shtaab xonim minnatdorchilik sifatida o‘zbekistonlik hamkorlarga o‘zining sovg‘alarini topshirdi.

Sharofiddin To‘laganov

Top