15:53 / 04.03.2016
2072

Artur Gevorkyan 2015 yilgi O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi futbolchisi deb topildi

Qarshining «Nasaf» klubi yarim himoyachisi Artur Gevorkyan O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi talqiniga ko‘ra 2015 yilgi O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bergan.

«Nasaf» sardori o‘tgan mavsum davomida barqaror o‘yin namoyish etdi va jamoasining bronza medallarini qo‘lga kiritishiga katta hissa qo‘shdi. Qarshining «Nasaf» klubi, shuningdek, O‘zbekiston Kubogi finalida Toshkentning «Bunyodkor» klubini mag‘lub etib, o‘z tarixida ilk bor ushbu sovrinni qo‘lga kiritdi. Mazkur final uchrashuvida Gevorkyan o‘z goli bilan jamoasi g‘alabasiga katta hissa qo‘shgandi.

Ta'kidlash joiz, Artur Gevorkyan o‘z faoliyatida ikkinchi marotaba O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi futbolchisi sifatida e'tirof etilmoqda. Bungacha, «Nasaf» sardori 2013 yilda ham ushbu sovrinni qo‘lga kiritgan edi. Shuningdek, Gevorkyan 2014 yilgi mavsumda milliy chempionat to‘purari bo‘lgan edi.

Top