10:11 / 04.03.2016
6551

Janubiy Koreyaga gilos, Yaponiyaga qovun eksporti yo‘lga qo‘yildi

Milliy bank huzurida tashkil etilgan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi joriy yilning yanvar oyida 280 dan ziyod tadbirkorlik sub'yektiga tovar va xizmatlarini tashqi bozorga chiqarish uchun huquqiy, moliyaviy va tashkiliy yordam bergan. Ular eksport shartnomalari imzolab, mahsulot yetkazib berish va xizmat ko‘rsatishni boshlagan. Germaniya poytaxti Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan "Yashil hafta – 2016" xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etgan fermer xo‘jaliklari o‘z mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Eksport hajmi va geografiyasini kengaytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga eksport borasida yanada qulay shart-sharoitlar yaratish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun yangi bozorlar o‘zlashtirildi. Janubiy Koreyaga gilos, Yaponiyaga qovun eksporti yo‘lga qo‘yildi. O‘rik va anor sharbatiga ham tashqi bozorda talab yuqori, deb yozadi O‘zbekiston milliy axborot agentligi.

Jamg‘arma ko‘plab tumanlarda bank hamda fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlikda bog‘dorchilik va meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan agrofirmalar tashkil etmoqda. Joriy yilda 26 turdagi yangi mahsulot eksporti yo‘lga qo‘yiladi. Fermer va agrofirmalar rahbarlarining xorijiy davlatlarda malaka oshirishi tashkil etiladi.

Top