14:24 / 04.03.2016
3527

Norvegiyalik qotil qamoqxonalarning sharoiti g‘ayriinsoniy ekanligidan nolimoqda

Shiyen qamoqxonasida o‘z jazo muddatini o‘tayotgan terrorist Anders Breyvik inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga murojaat qilmoqchi.
Mahkum uning misolida inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasi buzilayotgani bois Norvegiya hukumatiga da'vo arizasi bilan chiqish harakatida, deb xabar beradi Independent.

Norvegiya Bosh prokuraturasi 2 mart kuni ko‘pchilikning umriga zomin bo‘lgan qotilning qamoqxonada saqlanish sharoiti konvensiya talablariga javob berishini ma'lum qildi. 

Breyvik uchta bino – turar joy, o‘quv va sport zalidan foydalanish huquqiga ega. Uning boshqa mahkumlar bilan muloqot qilishga haqqi yo‘q, biroq u qamoqxona xizmatchilari bilan gaplasha oladi. Televizor, internetsiz kompyuter va o‘yin pristavkasidan foydalanishga ham ruxsat berilgan.
Anders Breyvik 2011 yili ikkita terroristik aktni amalga oshirgan. Oslo shahrining hukumat kvartalida portlash sodir etgan va Utoyya orolida joylashgan Norvegiya ishchi partiyasi boshqaruvidagi yoshlar lageriga hujum uyushtirgan. Umumiy hisobda u 77 kishining halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

Sud Breyvikni 21 yil – mahalliy qonunchilik bo‘yicha eng uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilgan. U bir kishilik kamerada saqlanadi.
Bu Breyvikning jazoni o‘tash davridagi birinchi shikoyati emas. 2015 yilda u qamoqxona ma'muriyatini uning OAVga yo‘naltirilgan maktublarini manziliga yetkazmayotganlikda ayblagan edi.

Top