12:05 / 04.03.2016
4326

Nyu-Yorkda dunyoning eng qimmatbaho metro bekati ochildi

Manxettenda 3 mart kuni butun jahon savdo markazi oldida dunyoda eng qimmat deb baholangan metro bekati ochildi.

Lekin bu yangilik aholini xursand qilish bilan birga uning bahaybat va g‘ayrioddiy ko‘rinishi darrov amerikaliklarning tanqidiga ham sabab bo‘ldi. Fuqarolar hukumatni ortiqcha xarajat qilishda, g‘alati arxitektura tanlashda va rejalashtirilganidek, qurilishga besh yil emas, o‘n ikki yil – o‘ta uzoq sarflaganlikda ayblamoqdalar, deb xabar beradi TASS.

Ushbu metro bekati qad ko‘tarishi uchun – loyiha avvalida ko‘zda tutilganidan deyarli ikki barobar ko‘p – 4 milliard dollar sarflanganini Forbes jurnali jahon bo‘yicha bunday tuzilmalar uchun rekord darajadagi summa, deb e'tirof etdi.

Shisha va betondan qurilgan bu hashamat arxitektori ispaniyalik rassom-futurist - Santyago Kalatrava. U inshootning tom qismini ulkan oq qushning qanotlariga o‘xshatmoqchi bo‘lgan. Nyu-yorkliklar esa uni fantastik jonzot skeletiga qiyoslashdi.

Yangi transport bekati metropolitenning 11 ta tarmog‘ini bir-biri bilan bog‘laydi va bir kunda o‘rtacha 250 ming nafar odamga xizmat ko‘rsatadi. Shahar hokimiyatining rejasi bo‘yicha, bu stansiya Amerikaning eng qulay va xavfsiz bekatlardan biriga aylanadi va Manxettenning eng ko‘zga ko‘ringan diqqatga sazovor joylaridan biri bo‘lib qoladi.

Top