16:44 / 06.03.2016
5851

Buxoroda kollej direktori va uning turmush o‘rtog‘i poraxo‘rlik uchun jazolandi

Buxoro viloyatida o‘quv muassasida birgalikda rahbar lavozimlarda ishlaydigan er-xotin jinoyat ustida qo‘lga tushib, jazoga tortildi. Bu haqda Huquq gazetasi xabar tarqatgan.

"Buxoro viloyati Qorako‘l tumani tibbiyot kollejida bir necha yillardan buyon faoliyat yuritib kelgan er-xotin Odil Yarashev va Dilbar Oqmurodova (ism-familiyalar shartli) qancha vaqt mobaynida misqollab yiqqan obro‘larini amal sinovi oldida yutqazib qo‘yishdi. Tanigan-bilganlar ularni ma'naviyat tarqatuvchilar, fidoyi o‘qituvchilar deb hurmat-izzat qilardilar.

Tajribali va malakali mutaxassis sifatida Dilbar Oqmurodova 2015 yil aprel oyida tibbiyot kollejiga direktor etib tayinlanadi. Baxt kelsa qo‘sha-qo‘sha deganlaridek, yangi direktorga “2015-2016 o‘quv yili uchun o‘quvchilar qabulini o‘tkazish Markazi” rahbarligi ham topshiriladi.

Ushbu vazifalarni o‘quvchilar oldidagi mas'uliyat deb emas, balki daromad manbaiga oson yo‘l deb tushungan er-xotin "tadbirkorlik faoliyati"ni boshlab yubortshdi. Ma'lum narx evaziga farzandini bilim dargohiga joylashtirmoqchi bo‘lganlarning soni anchagina ekan. O‘quvchilarni qabul qilish mavsumi barakali kelib, 32 ming dollar miqdorida pul yig‘ildi.

Buzoqning yugurgani somonxonagacha bo‘lib, huquqni muhofaza qilish organlari ularning qilmishlariga nuqta qo‘yishdi. Sud hukmi bilan D.Oqmurodova va O.Yarashevga qonun doirasida tegishli jazo tayinlandi", deb yozadi Huquq gazetasi.

Top