18:53 / 06.03.2016
2966

Sloveniyalik skeytbordchi elektr skeytbordda tezlik rekordini o‘rnatdi

Skeytbordchi Misho Erban elektr skeytbordda 95,83 km/soat tezlik bilan harakatlanib, bunday turdagi harakatlanish vositalarida tezlik bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi. Uning bu natijasi Ginness rekordlar kitobiga kiritildi.

Sportchi bu yutuqqa erishish uchun Sloveniyaning Next Generation Vehicles startapi tomonidan yaratilgan skeytborddan foydalandi. Skeytbord ikki yil davomida yasalgan. U har bir g‘ildirakka o‘rnatilgan 4ta elektromotor va ikki komplekt batareyalar bilan jihozlangan. Batareyalar qayta quvvatlashsiz 10-15 km yo‘l bosishga imkon beradi. Akkumulyatorlarni to‘liq quvvatlash uchun 1,5 soat vaqt talab etiladi. Skeytbord simsiz boshqaruv pulti yordamida boshqariladi.

Rekord Sloveniyaning Piran shahridagi aerodrom hududida o‘rnatildi. Elektr skeytbord yaratuvchilarining aytishicha, kelajakda bunday skeytbordlarning maxsus poyga seriyasiga asos solish rejalashtirilmoqda.

Erban avval ham Ginness rekordini o‘rnatgandi. 2012 yilda u skeytbordda tog‘dan pastga qarab harakatlanish bo‘yicha tezlik rekordini o‘rnatgan. O‘shanda sportchi 129,94 km/soat tezlikka erisha olgandi.

Top