15:21 / 07.03.2016
2679

Eron neft eksport qilish hajmini kuniga 2 mln barrelga yetkazmoqchi

Eron Moliya va iqtisodiyot vaziri Ali Toyibniyaning ma'lum qilishicha, mamlakat nef xomashyosini eksport qilish hajmini oshirib, kuniga 2 mln barrelga yetkazmoqchi. Bu haqda Shana agentligiga asoslanib, Reyter agentligi xabar tarqatgan.

"Eron neft bozoriga qaytgach, katta qadamlar tashlamoqda va avvalgi mavqeini tiklamoqchi. Tez orada kuniga 2 mln barrel neft eksport qila boshlaymiz", deydi vazir.

Bundan oldinroq, Monte Toledo tankeri sanksiyalar yechilgach Erondan ilk marta Yevropaga neft olib borgani haqida xabar berilgandi.

Undan oldinroq esa Toyibniya Eronning sanksiyalardan qutilish evaziga 45 mlrd dollar miqdoridagi investitsiyalarni o‘zlashtirmoqchi ekanini bildirgandi.

Ma'lumot uchun, sanksiyalar joriy etilguniga qadar Eron kuniga 2,3—2,5 million barrel neft eksport qilardi, biroq keyinchalik bu ko‘rsatkich ikki barobar qisqardi. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, Eron bir yil ichida kunlik neft eksporti bo‘yicha sanksiyalargacha bo‘lgan davrdagi ko‘rsatkichga yetib olishi mumkin.

Top