19:20 / 07.03.2016
5715

O‘zbekistonda dvigatellar ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonaga 3,5 mln dollar investitsiya qilinadi

"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ va Fransiyaning Alstom kompaniyasi O‘zbekistonda elektr asinxron dvigatellar ishlab chiqaruvchi korxonaga 3,5 mln dollar sarmoya kiritmoqchi. Bu haqda "O‘zbekiston temir yo‘llari"dagi manbaga asoslangan holda Sputnik axborot agentligi xabar bergan.

2017 yilgacha ishlab chiqarishning loyihaviy quvvati yiliga 200 ming dona dvigateldan ko‘proqni tashkil qilishi ko‘zda tutilgan. Yangi korxona turli harakatlanuvchi tarkib, jumladan elektr va dizel lokomotivlari hamda shahar atrofida harakatlanuvchi va dizel poyezdlari uchun dvigatellar ishlab chiqarishga ixtisoslashadi.

Alstom mutaxassislari transport tarmog‘idagi tajriba va yangi texnologiyalar bilan bo‘lishishga tayyorligi bildirilgan. Bu loyiha fransuzlar tomonidan O‘zbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirishdagi birinchi qadam sifatida qaralmoqda.

Manbaning aytishicha, dvigatellarda MDH davlatlari bozorida hali taqdim qilinmagan texnologiyadan foydalaniladi. Bu esa xizmat ko‘rsatishni arzonlashtiradi, ishlab chiqarish siklini soddalashtiradi va harakatlanuvchi tarkibning energiya samaradorligini oshiradi.

Alstom mashinasozlik kompaniyasi energetik qurilmalar va temir yo‘l transporti ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya energiya ishlab chiqaruvchi qurilmalar, temir yo‘l lokomotivlari, TGV va AGV seriyasidagi yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektr poyezdlar, tramvaylar, sanoat ishlab chiqarishi uchun elektrofiltrlar ishlab chiqaradi. Avval o‘z tarkibida kemasozlik bo‘limiga ega bo‘lgan, bu bo‘lim 2006 yilda sotib yuborilgan. Kompaniya tomonidan "Normandiya", Queen Mary 2 kruiz laynerlari, "Mistral" universal desant kemalari qurilgan.

Top