12:32 / 10.03.2016
3528

Nyu-York va Gonkong milliarderlar soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda

Forbes jurnaliga ko‘ra, Nyu-York o‘z hududida yashaydigan milliarderlar soni bo‘yicha jahondagi 25 ta eng yirik shaharlar o‘rtasida 1-o‘rinni egalladi. AQShning bosh megapolisida 79 milliarder yashashi ma'lum bo‘ldi. Ularning umumiy boyligi 364 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qiladi. Nyu-Yorkning eng boy vakili uning sobiq meri, 40 mlrd dollarlik boylikka ega Maykl Blumberg hisoblanadi.

2-o‘rinni 68 milliarderga ega Gonkong egallamoqda. Bu yerda yashovchi mililarderlarning umumiy boyligi 261,3 mlrd dollarni tashkil etadi. Megapolisning eng badavlat odami CK Hutchison Holdings kompaniyasi rahbari Li Ka Shing hisoblanadi. Unga tegishli boylik 27,1 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.

3-o‘rinni esa Moskva egallamoqda. Rossiya poytaxtida 60 nafar milliarder istiqomat qiladi, ularning jami boyligi 217 mlrd dollarga yaqinni tashkil qiladi. Rossiyada hammasi bo‘lib 77 milliarder yashaydi. Rossiyaliklar o‘rtasida eng badavlat odam NOVATEK va "Sibur" kompaniyalari egasi Leonid Mixelson bo‘lmoqda. Uning boyligi 14,4 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.

Milliarder soni bo‘yicha eng yirik shaharlar o‘ntaligidan, shuningdek, Pekin (51 milliarder), London (48), Mumbay (32), Shanxay (31), Seul va Shenchjen (30 nafardan) hamda San-Frantsisko (28) ham o‘rin oldi.

Reytingning oxirgi pog‘onasini Jyeneva egallamoqda. Bu shaharda 13 milliarder yashaydi. Shaharning eng badavlat odami rossiyalik milliarder Gennadiy Timchenko hisoblanadi, uning davlati 11,4 mlrd dollarga baholangan.

Top