14:26 / 10.03.2016
2793

Qirg‘iziston aksilkorruptsion xizmati va hisob palatasi rahbarlari iste'foga ketdi

Qirg‘iziston Hisob palatasi boshlig‘i Elmira Ibraimova aksilkorruptsion xizmat boshlig‘i iste'foga ketgandan keyin o‘z istagiga ko‘ra muddatdan avval iste'foga chiqishga ariza berdi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti ma'muriyati matbuot xizmatiga iqtibos keltirgan holda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda.

"Prezident Olmozbek Atambayev 10 martda Ibraimova Elmira Sultanovnani Qirg‘iziston Respublikasi Hisob palatasi raisi lavozimidan avval u tomondan topshirilgan ariza bo‘yicha ozod etilishi haqidagi farmonni imzoladi", deyilmoqda xabarda.

Ibraimova 2012 yilda bir qator aksilkorruptsion tergovlarni boshlab Hisob palatasiga boshchilik qila boshlagan. Qirg‘iziston Hisob palatasi raisi 5 yilga tayinlanadi va Ibraimovaning bu lavozimdagi muddati 2017 yilda tugashi kerak edi.

Shuningdek, Qirg‘iziston aksilkorruptsion xizmati boshlig‘i Bo‘konboy Qazaqov ham o‘z istagiga ko‘ra iste'foga chiqdi.

Qirg‘iziston prezidenti Qazaqov o‘rniga Ulan Isroilovni tayinladi. Isroilov bungacha Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining 7-bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

Top