20:47 / 12.03.2016
6231

O‘tkir Hoshimov, muxra va lo‘li

O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov o‘zbek adabiyotning yirik vakili, milliy ruh ufurib turgan asarlari bilan adabiyot ixlosmandlari ko‘nglidan o‘rin olgan yozuvchilardan biri edi. Uning hech bo‘lmaganda bir hikoyasini o‘qimagan o‘zbek kitobxon yo‘q, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

“Bekajon” gazetasi yozuvchining turmush o‘rtog‘i O‘lmasxon Hoshimova bilan bo‘lgan suhbatni chop etdi.

U adib haqida xotirlar ekan, asar yozishda har bir kichik detalga jiddiy yondoshishi, aniqlik uchun sira erinmagani haqida gapiradi. Masalan, “Ikki eshik orasi” asari bilan bog‘liq bir voqeani eslaydi: “Asarni yozayotganlarida lo‘li xotinning fol ochayotganidagi tosh qanday atalishi uyimizdagi hech kim bilmadi. Shunda O‘tkir aka menga qarab, “Qani, otlan, bozorga boramiz”, dedilar. Odatda u kishi bozorga tushmas, bozor-o‘charni ham o‘g‘lim ikkimiz qilardik. Hayron bo‘lgancha ergashib, Chorsuga bordim. Lo‘lilar fol ochadigan joyga yaqinlashib, “Qani, borib, bir fol ochir”, dedilar. Men qo‘rqa-pisa ularga yaqinlashdim. Lo‘li endi toshini tashlab, fol ochishni boshlagandi nariroqda kuzatib turgan O‘tkir aka bizga yaqinlashib, “Bo‘ldi, fol-mol kerakmas. Menga manavi tosh nima deyilishini aytsang bo‘ldi”, dedilar. Lo‘li pul so‘rab, toshni “muxra” deb atalishini aytdi. Ko‘rdingizmi, bitta detalning haqqoniy yozilishi uchun sira erinmas, o‘zlarini ayamasdilar...”

Shuningdek, suhbat davomida O‘lmasxon Hoshimova adibning o‘z asari qahramonini o‘ldirib qo‘yib, qattiq iztirob chekkanini ham ta'kidlagan.

Top