09:38 / 15.03.2016
1346

Obama Putin bilan telefon muloqoti orqali Suriya masalasi xususida gaplashdi

AQSh prezidenti Barak Obama Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali bog‘lanib, Suriyadagi vaziyat haqida gaplashdi. Bu haqda Kreml saytida xabar qilingan.

"Davlat rahbarlari Rossiya va AQShning bu o‘lkada harbiy harakatlar to‘xtatilishi bo‘yicha kelishuvi natijalari bo‘yicha fikrlar almashishdi", deyiladi xabarda.

Putin Obamani Rossiya Harbiy-havo kuchlari Suriyada xalqaro terrorizmga qarshi kurashdagi vazifasini ado etgani hamda endi bu mamlakatdan aviaguruhning asosiy qismi olib chiqib ketilishidan xabardor qilgan.

Tomonlar BMT Xavfsizlik kengashining Suriya zaminida qon to‘kilishini kamaytirishni nazarda tutadigan 2268 raqamli rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlashi bildirilgan.

Shuningdek, AQSh va Rossiya terrorchilikka qarshi kurashdagi harakatlarini muvofiqlashtirgan holda olib borishi samarali bo‘lishi ta'kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Mudofaa vaziri Sergey Shoyguga 15 martdan boshlab Suridan harbiy qo‘shinlarining asosiy qismini olib chiqish haqida buyruq berdi.

Rossiya Suriyadagi harbiy operatsiyalarda 2015 yilning 30 sentabridan beri ishtirok etib kelmoqda. Rus samolyotlari Suriya hukumat qo‘shinlari ko‘rsatgan marralarni bombardimon qildi. Bundan tashqari, Rossiya suvosti kemalari va kemalardan zarbalar berdi.

Shoygu o‘tkazilgan operatsiyalar davomida rossiyalik harbiylar 2000 nafarga yaqin terrorchini yo‘q qilganini ma'lum qilgan. Syrian Observatory for Human Rights kuzatuvchilarining ma'lumotiga ko‘ra, Rossiyaning bombardimonlari natijasida 1700 nafar tinch aholi vakili nobud bo‘lgan.

Top