13:56 / 16.03.2016
1809

Qozog‘istonliklarga byudjyet pullari taqsimlab berilishi mumkin

Qozog‘istonliklarga byudjyet pullari taqsimlab berilishi mumkin. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev muqarrar bazaviy daromadni tatbiq qilish tajribasini o‘rganib chiqishga buyruq berdi. Agar bu loyiha ma'qullansa, unda qozog‘istonliklar davlatdan har oy ma'lum miqdorda pul olib turadilar, deb xabar bermoqda Tijorat televizion kanali.

Bunday to‘lovlar bir qator davlatlarda tatbiq qilinmoqda, biroq, mutaxassislarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, yangi kiritiladigan qoida byudjyetni bo‘shatishi, boqimandalik kayfiyatining o‘sishi va ishsizlar sonining keskin ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

Muqarrar bazaviy daromadni tatbiq qilish uchun barcha ijtimoiy nafaqalar olib tanlanishi kerak – pensionerlar, talabalar, kam ta'minlangan va ko‘p farzandli oilalar har oylik to‘lovlarni olishmay qo‘yadi. Buning o‘rniga byudjyet pullarini barcha olishi mumkin bo‘ladi.

“Buning iqtisodiy g‘oyasi shundaki, odamlar muqarrar bazaviy daromad olishganda ular o‘zlariga yoqmaydigan joylarda ishlashdan to‘xtaydilar. O‘zlarida ijodiy qobiliyatlar, yangi biznes-g‘oyalar rivojlantira boshlaydilar, volontyorlik rivojlanadi va bu yangi g‘oyalarga turtki beradi. Bu iqtisodiy o‘sishning omili hisoblanadi”, deb aytmoqda iqtisodchi Sholpan Aytenova.

Avval bu g‘oya mamlakatning ba'zi hududlarida sinovdan o‘tkazilgan edi. Tajriba ijobiy natijalar bergan – gumonlarga qaramasdan, odamlar ommaviy ravishda ish tashlashni boshlamadilar, aksincha, ustaxonalar, do‘kon va rastalar ochishni boshlaganlar.

Hozirda Yevropaning boy davlatlari o‘zlarining fuqarolari hisoblariga mo‘maygina pullar o‘tkazib turishni rejalashtirmoqdalar. Bu mablag‘ Finlyandiyada 550 yevroni, Shveytsariyada esa 2500 frankni tashkil qilishi mumkin.

Biroq Qozog‘iston hukumatida qozog‘istonliklar o‘z ishlarini tashlashlaridan xavfsiramoqdalar: ko‘cha supurish, farroshlik qilish va shaxtalarda ishlashga odam qolmaydi. Ko‘chalar ishsizlar bilan to‘lib ketadi. Nursulton Nazarboyevning o‘zi ham avval aholi orasidagi boqimandalik kayfiyatini bir necha bor tanqid qilgan edi. Nazarboyev ishlashni istovchilarga barcha sharoitlar yaratilgani, davlat hisobiga yashash o‘tmishda qolganini aytib o‘tgan.

Finlar bunday tizimni butun davlat miqyosida birinchi bo‘lib tatbiq qiladilar. Ikki yillik tajriba davomida Finlyandiya hukumati o‘z fuqarolariga yuz milliard yevrodan ko‘proq mablag‘ sarflaydi.

Qozog‘istonlik ekspertlarning fikricha, Qozog‘iston o‘z fuqarolariga bunday to‘lovlarni amalga oshirishga hali tayyor emas. Ularning fikricha, ko‘p milliardlik xarajatlar qisqa fursatlarda davlat g‘aznasini xonavayron qiladi.

Top