18:45 / 17.03.2016
2380

“E-yoshlar'da Navroʻz” virtual aksiyasi: o‘zbekistonlik yoshlar #NavrUZ xesh-tegini dunyo trendiga olib chiqish harakatida

O‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari Navro‘z bayramini yanada keng miqyosda nishonlash uchun ijtimoiy tarmoqlarda #NavrUZ xesh-tegini dunyo trendiga olib chiqishmoqchi.

Yaqinda dunyo trendiga chiqarilgan #Navoiy575 va #BoburDay xesh-teglarini tashkil etgan faol yoshlar guruhi #NavrUZ xesh-tegini ham butun jahon internet foydalanuvchilari o‘rtasida faol targ‘ib qilib, haqiqiy internet sayli formatida nishonlash uchun bel bog‘lashgan.

Alohida ta'kidlab o‘tish joizki, yuqoridagi trendlar va #NavrUZ xesh-tegi g‘oyasi e-yoshlar.uz internet portali faoliyati doirasida ilgari surilgan.

Mazkur loyiha mart oyining eng shov-shuvli kampaniyasi bo‘lishi kutilmoqda. Buning yaqqol isboti sifatida viloyatlar hamda Toshkent shahridagi istirohat bog‘lari, sayilgohlarda o‘tkaziluvchi ommaviy ko‘ngilochar tadbirlarning qamrab olinishi, onlayn tarzda yoritib borilishini keltirib o‘tish o‘rinlidir.

Jumladan, 21 mart sanasida kun davomida Toshkent shahridagi “Mirzo Ulug‘bek”, “Bobur”, “Abdulla Qodiriy”, “G‘afur G‘ulom” va “Lokomotiv” nomli istirohat bog‘larida Navro‘z tantanalari bilan birga #NavrUZ xesh-tegi ostida aksiyalar faol yoshlar tomonidan o‘tkaziladi. Shuningdek, butun respublika bo‘ylab viloyat markazlaridagi sayilgohlar, istirohat bog‘larida rejalashtirilgan “E-yoshlarda Navroʻz” virtual bayram aksiyasi o‘tkazilishi katta qiziqish bilan kutilmoqda.

O‘z navbatida, ta'kidlash zarurki, internet tarmog‘i foydalanuvchilari #NavrUZ xesh-tegi doirasida Navro‘z bayrami va milliy qadriyatlar aks etgan foto, video, audio va matn ko‘rinishidagi materiallarni e-yoshlar.uz saytiga joylashi va keng ommaga taqdim etish imkoniyatiga egalar.

Ijtimoiy tarmoqlarda #NavrUZ xesh-tegini dunyo trendiga olib chiqish aksiyasi Toshkent vaqti bilan soat kunduzgi 12:00dan boshlanib, kechki soat 24:00gacha faol davom etadi.

O‘zbekistonlik barcha internet foydalanuvchilarini mazkur aksiyada faol bo‘lishga chorlab qolamiz!

Top