23:06 / 17.03.2016
1436

Xitoyning yirik internet kompaniyasi AQShda haydovchisiz mashinalarni sinovdan o‘tkazmoqda

Baidu internet-kompaniyasini Googlening xitoylik analogi deb atashadi. Kompaniya avtonom boshqaruv tizimi orqali harakatlanuvchi mashinalarni AQShning ommaviy foydalanish yo‘llarida sinab ko‘rishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Baidu’ning bosh ilmiy xodimi Endryu Inning ma'lumotiga tayangan holda The Wall Street Journal xabar berdi.

In kompaniyaning Kaliforniya shtati Sanniveyl shahrida joylashgan idorasiga tashrif buyurdi va bo‘lajak sinovlarga tayyorlanishga ko‘rsatma berdi. Shuningdek, mutaxassis mahalliy hukumat vakillariga murojaat etib, haydovchisiz mashinalar sinovi uchun shahar infratuzilmasiga “kichik o‘zgarishlar” kiritishni so‘radi.

Bundan tashqari, In bir qancha mobil dasturlarni ishlab chiqishni taklif etdi. Misol uchun, bu dastur orqali yo‘l xizmat xodimlari haydovchisiz mashinalarga berkitilgan yo‘llar to‘g‘risida ma'lumot yuborishadi, politsiya esa ma'lum bir yo‘l hodisasiga mos ravishda mashinalar harakatini tekshirishi oson bo‘ladi.

Baidu firmasi avtonom boshqaruv tizimida harakatlanuvchi mashinalarni BMW kompaniyasi bilan hamkorlikda chiqarmoqchi. 2015 yilning oxirida xitoyliklar BMW 3-Series Gran Turismo asosida ishlab chiqarilgan haydovchisiz mashinani Pekin ko‘chalarida sinab ko‘rishdi. Mashina bemalol 30 kilometr uzunlikdagi yo‘lni mustaqil ravishda bosib o‘tgan, burilishlarni amalga oshirgan hamda magistrallarga chiqa olgan.

Baidu xizmatga butunlay tayyor, haydovchisiz mashinalarni 2018 yilning oxirida foydalanishga topshirishni rejalashtirgan.

Top