00:50 / 17.03.2016
1341

AQSh sudi birinchi muvaffaqiyatsizlikdan keyin qotilni takror qatl etishga ruxsat berdi

AQShning Ogayo shtati hukumati 2009 yilda qatl etilishi muvaffaqiyatsiz yakunlangan o‘lim jazosiga mahkum qilingan mahbus Romell Brumning qatl etilishini takror o‘tkazishga ruxsat berdi. Bunday qaror Ogayo oliy sudining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilindi.

Qatlning amalga oshmaganiga shifokorlarning o‘limga olib keluvchi inʼeksiyani jinoyatchi tomiriga kirita olmaganlari sabab bo‘lgan.

Sud oliy jazoni umrbod qamoq jazosi bilan almashtirishni so‘ragan jinoyatchining advokatlari iltimosnomasini rad etdi. Himoya o‘z fikrini qatlning takror o‘tkazilishini “berahm va asoslanmagan jazo bilan barobarligi” bilan asoslagan. Biroq Oliy sud 2009 yilda inʼeksiya qotilning qon tizimiga tushmagani va natijada qatl hukmi o‘z kuchida qolishini aytgan.

“Dori vositalari qo‘llanmagan, shuning uchun Brumning hayoti xavf ostida qolmagan. Shtatimiz jazolarni konstitutsion asosda amalga oshirilishiga qat'iy rioya qiladi. Shuning uchun biz agar hukumatga qatlni o‘tkazishga ruxsat bersak keng jamoatchilik tuyg‘ularini yaralaymiz, deb o‘ylamaymiz”, deb aytdi sud hakami Judit Enn Lenzinger.

Mahbus 1984 yilda Klivlendda 14 yoshli qizni o‘g‘irlab, uning nomusiga tegib, o‘ldirganligi uchun jazolangan. 7 yil avval jinoyatchini qatl etish vaqtida jazoni bajaruvchilar jinoyatchiga o‘limga olib keluvchi suyuqlikni kiritishda uning vena tomirini topa olishmagan. Yordamga chaqirtirilgan turma shifokori esa tajribasiz yangi xodim bo‘lib chiqqan. Qatl etishga ikki soat besamar urinishlardan keyin Ogayo gubernatori qatl jarayonini to‘xtatish va noma'lum muddatga qoldirishga buyruq bergan.

Hozirda 59 yoshda bo‘lgan qotil jazoni bajaruvchilar uning butun qo‘lini igna bilan sanchib tashlashgani va unga ozor berishganini vaj qilib, shikoyat rasmiylashtirgan. Prokuratura esa jinoyatchi qatl oldidan muayyan dorilar yordamida inʼeksiyani sun'iy qiyinlashtirishni muvaffaqiyatli amalga oshirganligiga gumonsiragan.

Top