14:30 / 17.03.2016
1712

BMT Mariya Sharapova bilan hamkorlikni to‘xtatishga qaror qildi

BMT rossiyalik tennischi Mariya Sharapova bilan hamkorlikni to‘xtatishga qaror qildi. Xalqaro xamjamiyat vakilining so‘zlariga qaraganda BMT hamkorlik uchun Mariya Sharapovaga minnadorchilik bildirdi. Ammo surishtiruv ishlari tugagunga qadar u bilan xamkorlik to‘xtatib turiladi. Ma'lumki, 28-yoshli Mariya 9 yil BMTning tinchlik elchisi bo‘lib kelgan edi. BMTning «Tinchlik va ezgu niyat elchisi» to‘g‘risidagi Qoidaning 28 moddasiga ko‘ra, BMT maqsad va prinsiplariga mos ravishda faoliyat yuritmagan inson bu maqomdan mahrum etiladi.

Shu yilning 7 mart kuni Mariya Sharapov Los-Andjyelesdabo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida 10 yil davomida meldoniy iste'mol qilib kelganini tan oldi. 9 mart kuni Buyuk Britanining The Times gazetasi Mariya Sharapova kamida besh marta meldoniy 1 yanvardan taqiqlangan preparatlar ro‘yxatiga kirgani borasida ogohlantirilganini yozdi. Bu boradagi ma'lumot barcha sportchilarga sentabr oyidan boshlab Jahon aksildoping agentligi (WADA), Ayollar tennis assotsiatsiyasi (WTA) va Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan yuborilgan. Biroq bu kabi xabarlarni Mariya Sharapova keskin inkor qildi. Uning aytishicha bu borada yozilgan maktubni 2015 yilning 22 dekabr kuni olgan. «Men o‘zimni oqlamoqchi emasman. Ammo meni besh marta ogohlantirishgani xaqidagi ma'lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi» deb yozdi Mariya Sharapova o‘zining Facebookdagi sahifasida.

Xalqaro tennis federatsiyasi Mariya Sharapovani 12 martdan e'tiboran musobaqalardan vaqtincha chetlashtirdi. Mazkur ish bo‘yicha ilk eshituvlar 23 mart kuni Londonda bo‘lib o‘tadi. Agar Mariya Sharpovaga nisbatan yengilroq jazo berilgudek bo‘lsa, u holda Jaxon aksildoping agentligi (WADA) Sport arbitraj sudiga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Bu xaqda agentlik rahbari Kreyg Ridi ma'lum qildi.

Mariya Sharapova, agarda sportdan ma'lum muddat chetlashtiriladigan bo‘lsa, u xolda uning cho‘ntagiga ham katta ziyon yetishi aniq. Ma'lumki, sportchilar bilan xamkorlik qiladigan yirik kompaniyalar bu kabi majorolardan imkon qadar yiroqda bo‘lishga intiladilar.

O‘tgan yili avgust oyida Forbes nashri ananaga ko‘ra, eng badavlat sportchilar ro‘yhatini e'lon qilgan edi. Bu ro‘yhatga ko‘ra, Mariya Sharapova o‘n birinchi bor birinchlikni boy bermay kelayotgani oshkor bo‘ldi. Hisobot davrida uning boyligi 29,7 million dollarni tashkil qildi. Mablag‘larning atigi 6,7 million dollarini tennis musobaqalarida qo‘lga kiritgan. Qolganlari esa xamkorlar bilan imzolangan shartnomalar orqali topilgan.

Shuni ta'kidlash kerakki, Amerikanining sport liboslari ishlab chiqaruvchi Nike kompaniyasi Mariya Sharapova bilan hamkorlikni to‘htatishga qaror qilgan edi. Nike komapaniyasi bilan Mariya Sharpova 2010 yilda 10 yil muddatga 70 million dollarlik shartnoma imzolagan edi. Nike Mariya Sharapova bilan uning yoshligidayoq hamkorlikni boshlagan, libos va oyoq kiyimlarini aynan unga ishonib topshirgan, reklamalariga jalb qilgan edi. Ammo Mariya Sharapova osmonida qora bulutlar paydo bo‘lishi bilanoq Nike birinchi bo‘lib uning xizmatidan voz kechdi.

Shu kabi qarorni Shveytsariyaning soat ishlab chiqaruvchi TAG Heuer kompaniyasi ham qabul qildi. Germaniyaning Porsche kompaniyasi esa surishtiruv ishlari davom etayotgan bir vaqtda rossiyalik sportchi ishtirokidagi barcha tadbirlar bekor qilinganini ma'lum qildi. Mineral suv ishlab chiqaruvchi Evian kompaniyasi esa Sharapova meldoniyni qonuniy iste'mol qilganini aytib, u bilan avval erishilgan shartnomalardan voz kechmadi. Jahonning sobiq birinchi raketkasi bilan Avon (kosmetika), American Express (moliya) va Tiffany (zargarlik taqinchoqlari) kabi brendlar hamkorlik qiladi. Ularning har biri bilan 1,5 million dollarlik bitimlar imzolangan. Hozircha bu brendlar o‘z qarorlarini e'lon qilishgani yo‘q.

Mariya Sharpovaga raketga yetkazib beruvchi Head kompaniyasi meldoniyni doping sifatida qabul qilinishiga qarshi chiqdi. Bu xaqda firma rahbari Yoxan Eliash ma'lum qildi. «Biz Jahon aksildoping agentligi (WADA)ning meldoniyni taqiqlangan preparatlar ro‘yhatiga kiritishiga shubha bilan qaraymiz. WADA ilmiy tadqiqotlarini oshkor qilishini so‘raymiz», — dedi Eliash. 10 mart kuni Head kompaniyasi Sharapova bilan imzolangan Shartnoma uzaytirilishini ma'lum qildi.

Shu yilning may oyida tennischi Mariya Sharapova brendi ostida Sugarpova shokoladlari sotuvga chiqariladi. Bu xaqda Baron Chocolatier kompaniyasining katta vitse-prezidenti Kristofer Mattina bayonot berdi. The Guardian nashrining yozishicha, xamkorlik borasidagi kelishuv shu yilning fevral oyida Mariya Sharapova brendi va shokolad ishlab chiqaruvchi kompaniya o‘rtasida imzolangan. Kristofer Mattinaning aytiishicha, Mariya millionlab odamlar uchun namuna bo‘lgan va namuna bo‘lib qoladi. «U ataylab xato qilmadi. Uning o‘z xatosini tan olgani hurmatga loyiqdir. Biz u yana qayta tennis o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lishiga ishonamiz. Nima bo‘lishidan qatiy nazar biz uni qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi Kristofer Mattina.

Meldoniy shu yilning 1 yanvaridan taqiqlangan dorilar ro‘yhatiga kiritildi. Biroq dorini kashf qilgan latviyalik olim Ivar Kalvinsh meldoniyni doping sifatida qabul qilinishiga qarshi chiqmoqda. U bu dori yurakni bosimlardan himoya qilishni aytar ekan, uning taqiqlanishi inson huquqlarini buzish ekanini ta'kidladi.

Rossiya bosh vazirining o‘rinbosari Arkadiy Dvorkovich meldoniyning Jahon aksildoping agentligi (WADA) tomonidan taqiqlanishi siyosiy maqsadlarni ko‘zlashini ma'lum qildi. Sport vaziri Vitaliy Mutko meldoniy taqiqlangan preparatlar ro‘yxatidan chiqarib tashlanishiga ishonishini bildirdi.

Tahlilchilarning fikricha, rossiyalik sportchilar atrofida yuzaga kelgan shov-shuvlar natijasida meldoniy, yoki ikkinchi nomi mildronatga bo‘lgan talab ortib ketgan. Bu xaqda mazkur dorini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan Latviyaning Grindex kompaniyasi Boshqaruv kengashi raisi Yuris Bundulis bayonot berdi. «Majoro tibbiyot muassasamizga aslo ta'sir qilgani yo‘q. Aksincha preparatning obro‘si oshishiga sabab bo‘ldi. Ekspertlarning aytishicha internet-aptekalarda mildronatlarning hammasi xarid qilingan», dedi Bundulis. Uning aytishicha, ayni damda dorini Rossiyada ishlab chiqarish masalasi muxokama qilinmoqda.

Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova voqani izohlar ekan, «doping majorosi Rossiyaga qo‘llanilayotgan bosimlardan biridir», dedi.

Rossiya matbuotida sport tibbiyotida faoliyat yurituvchi noma'lum ekspertning fikrlariga tayanilgan xolda AQSh aksildoping agentligi (USADA) meldoniyni taqiqlangan preparatlar ro‘yhatiga kiritish uchun 7 million dollar sarflagani borasidagi fikr-mulohazalar paydo bo‘ldi. Ekspertning aytishicha, bu siyosiy buyurtma bo‘lgan. 10 mart kuni paydo bo‘lgan xabarlarga ko‘ra Jahon aksildoping agentligi (WADA) meldoniyni AQSh aksildoping agentligi taklifi bilan taqiqlangan preparatlar ro‘yhatiga kiritgan.

Ayrim internet saytlarida meldoniy harbiy maqsadlar uchun yaratilgani haqidagi fikrlar paydo bo‘ldi. Mazkur dori inson organizimida 120 kungacha bo‘lishi aytilmoqda.
Ayni damda 99 nafar sportchining qonida meldoniy borligi aniqlangan. Ularning 8 nafari rossiyalik sportchidir.

Sharofiddin To‘laganov

Top