09:27 / 17.03.2016
1474

YeChL. «Bavariya» qo‘shimcha bo‘limlarda «Yuventus»ni yengib, chorak finalga chiqdi

Yevropa chempionlar ligasida chorak finalga chiqqan barcha jamoa nomi aniq bo‘ldi.

Nimchorak final juftliklarining to‘rtinchisi «Bavariya» va «Yuventus» jamoalari o‘rtasida o‘tkazildi.

Turinda bo‘lib o‘tgan dastlabki o‘yinda mezbonlar 2ta to‘p farqi bilan ortda borayotgan holda hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lishgandi. Javob o‘yinida esa avvaliga turinliklar o‘yinning birinchi bo‘limida 2:0 hisobida oldinga o‘tib olishdi.

Uchrashuvning 5-daqiqasidayoq Pol Pogba Noyyerning xatosidan keyin darvozani ishg‘ol qilib, «Yuventus»ni favoritga aylantirib qo‘ydi.

28-daqiqada esa turinliklar qarshi hujum tashkil qilishdi. Morata o‘z jarima maydonchasi oldida to‘pni egallab oldinga o‘tdi va bir necha futbolchini aldab, raqib jarima maydonchasi oldida Kuadradoga to‘pni uzatdi. Kolumbiyalik futbolchi esa sovuqqonlik bir himoyachini aldadi va darvozani ishg‘ol qildi.

Shundan so‘ng, Massimilliano Allegri shogirdlari to‘liq himoyaviy o‘yin ko‘rsatishga o‘tishdi. Lekin «Bavariya» o‘yinning asosiy vaqti tugashiga 17 daqiqa qolganida hisobni qisqartirdi. 73 daqiqada Levandovski Kosta uzatgan pasdan keyin bosh bilan hisobni qisqartirdi. Qo‘shib berilgan daqiqalarning dastlabkisida esa Myuller bosh bilan muvozanatni tikladi. Natijada o‘yin hakami hakam jamoalarni qo‘shimcha bo‘limlarga taklif qildi.

Qo‘shimcha bo‘limlarning dastlabkisida hisob o‘zgarmadi. Yana 15 daqiqa davomida darvozalarga to‘p kiritilmasa, penaltilar tepilishi mumkin edi. Ammo to‘rtinchi bo‘lim boshlanishi bilan «Bavariya» o‘yin taqdirini hal qilib qo‘ydi. Dastlab zaxiradan maydonga tushgan Tiago Alkantara chiroyli kombinatsiyani samarali yakunlagan bo‘lsa, oradan 2 daqiqa o‘tib, Koman hisobni 4:2 ko‘rinishiga yetkazdi.

Shu tariqa, shiddatli kechgan to‘qnashuvda «Bavariya» chorak finalga yo‘l oladigan bo‘ldi.

YeChL, Nimchorak final, javob o‘yini
Bavariya (Germaniya) – Yuventus (Italiya) 4:2. Asosiy vaqt — 2:2. Qo‘shimcha bo‘limlar - 2:0
Gollar: 0:1 – 5 Pogba, 0:2 – 28 Kuadrado, 1:2 – 73 Levandovski, 2:2 – 90 Myuller, 3:2 – 108 Alkantara, 4:2 – 110 Koman.
Bavariya – Noyyer, Lam, Benatiya (Bernat, 46), Alaba, Duglas Kosta, Xabi Alonso (Koman, 60), Vidal, Kimmix, Riberi (Alkantara, 101), Levandovski, Myuller.
Yuventus – Buffon, Bardzali, Bonuchchi, Evra, Aleks Sandro, Pogba, Xedira (Sturaro, 68), Ernanes, Kuadrado (Pereyra, 89), Lixtshtayner, Morata (Manjukich, 72).
Ogohlantirishlar: Xedira (29), Morata (38), Kimmix (43), Vidal (48), Lixtshtayner (48), Levandovski (51), Bonuchchi (53), Kuadrado (71), Pereyra (103), Alkantara (109), Bernat (112), Sturaro (112).
Birinchi o‘yin – 2:2

Top