21:06 / 17.03.2016
1923

Qozog‘iston parlamenti bachchabozlarni qat'iy jazolashga ruxsat berdi

Qozog‘iston parlamenti senati deputatlari “Bolalar huquqini himoya qilish masalalari bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi” qonunni qabul qildi. Bu haqda “Novosti-Kazaxstan” xabar bermoqda.

Qonunga ko‘ra, nikoh, er-xotinlik va oila kodeksiga o‘zgartirishlar kiritiladi, yetim va ota-ona qarovisiz qolgan bolalar haqida respublika ma'lumotlar bankini yaratish majburiyati yuklanadi.

“Tizim Qozog‘istonning bolalar huquqlarini himoya qilish masalalari bilan shug‘ullanuvchi davlat idoralari, markaziy va mahalliy darajadagi idoralari hamda xorijdagi muassasalari birgalikdagi harakatini va axborot almashinuvini ta'minlaydi”, deb aytdi senator Birganim Aytimova va Qozog‘istonda 5 mln dan ko‘proq bola, jumladan bolalar uylarida taxminan 9 ming nafar bola tarbiyalanishini ta'kidlab o‘tdi.

Aytimovaning ma'lumotlariga ko‘ra, tizimni yaratish uchun respublikaning 2015-2017 yillardagi byudjyetidan 120 mln tanga ajratilgan. Shuningdek, Jinoyat-ijro etish kodeksiga ham jinsiy dahlsizlikka qarshi jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirishga qaratilgan tuzatishlar kiritilmoqda. Jumladan, bachchavozlarga kimyoviy axtalash ko‘rinishida tibbiy xarakterdagi majburiy chora qo‘llash haqidagi qoida kiritildi.

“Kimyoviy axtalash nima? Bu vaqtinchalik jarayon bo‘lib, odamni jinsiy zo‘ravonlikdan tiyishga qaratilgan zaruriyat, bir martalik inʼeksiyadir. Bu agar bunday inʼeksiya kiritilsa, odam butun umrga shunday qoladi, degani emas. Bu faqatgina tibbiyot tashkilotlarining qarori bilan qilinadi”, deb aytdi senator.

Bundan tashqari, bolalarni oilalarga joylashtirishning yangi shakli – bolalar uylari tarbiyalanuvchilarini mehmon sifatida qabul qiluvchi oila shakli kiritilmoqda, u bolalar uyi tarbiyalanuvchilarini maktab ta'tillari, dam olish va bayram kunlari qabul qiladi va ular bilan birga vaqt o‘tkazadi.

Top