12:10 / 18.03.2016
1341

Google kompaniyasi robotlar yaratuvchi Boston Dynamics kompaniyasini sotuvga qo‘ydi

Alphabet xoldingiga kiruvchi Google korporatsiyasi o‘zining robotlari bilan tanilgan Boston Dynamics kompaniyasini sotuvga qo‘ymoqda. Bu haqda Bloomberg nashri xabar bermoqda.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, kompaniyani Amazon va Toyota kompaniyalari sotib olishi mumkin.

Google kompaniyani uch yil avval sotib olgan. Bloomberg’da ta'kidlanishicha, xolding rahbariyati Boston Dynamics tijorat uchun mo‘ljallangan mahsulot chiqara olmaydi va bir necha yil ichida daromad keltira olmaydi, deb hisoblab uni sotuvga qo‘yishga qaror qilgan.

Boston Dynamics internet foydalanuvchilariga anchagina “dahshatli” ko‘rinuvchi robotlar chopayotgani, sakrayotgani hamda muhandislar tomonidan “zo‘ravonliklarga” uchrayotgani tasvirlangan ko‘plab roliklaridan tanish. Robotlarga “zo‘ravonliklar”: xokkey klyushkalari bilan ularni turtish, ularning qo‘llaridagi qutilarni urib tushirish va chalish ular yangi uquvlarni o‘rganishi uchun qo‘llanadi.

Top