08:10 / 21.03.2016
2153

Samarqandda Navro‘z arafasida “O‘zbek milliy kino kunlari festivali” bo‘lib o‘tdi

“O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda viloyatda 17-19 mart kunlari Navro‘z umumxalq bayrami arafasida an'anaga aylangan “O‘zbek milliy kino kunlari festivali” tashkil etildi.

2016 yil 17 mart kuni Samarqand temir yo‘l vokzalida kinofestival ishtirokchilari tantanali kutib olindi. Shu kuni kinoijodkorlar Samarqand shahridagi “Said” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi va Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali, Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti talabalari hamda Samarqand shahridagi 10-mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazishdi.

Kinofestivalning tantanali ochilish marosimi Samarqand davlat universitetida bo‘lib o‘tdi. 18 mart kuni Narpay, Pastdarg‘om, Paxtachi, Urgut tumani aholisi va yoshlari bilan kinoijodkorlar ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi hamda yangi badiiy va hujjatli filmlar namoyish qilindi.

Bundan tashqari, shu kuni Samarqand shahridagi “Sharq Yulduzi” kinoteatrida “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasi bilan suratga olingan “Xazonrezgi” nomli yangi badiiy filmning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Festival mobaynida 2015 yilda “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga asosan ishlangan “Baron”, “Ajal jodusi”, “Barakasini bersin”, “Balli, Kamoliddin”, “Dilor, Dilor, dil va or” badiiy filmlar hamda “So‘zana”, “Orziqib kutilgan mo‘'jiza”, “Ayol qalbidagi musiqa”, “Samarqand – boqiy qo‘shiq” nomli hujjatli filmlar namoyish etildi.

Festivalda O‘zbekiston xalq artistlari Yoqub Ahmedov, Mirza Azizov, Xayrulla Sa'diev, Murod Rajabov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Fotima Rejametova, Ra'no Yarasheva, Lola Eltoeva, shuningdek, Hilol Nasimov, Dilnoza Kubaeva, Ulug‘bek Yunusov, Akbarxo‘ja Rasulov kabi bir qator taniqli va yosh kinoijodkorlar ishtirok etishdi.

Top