14:25 / 21.03.2016
1662

Xitoy gravitatsion to‘lqinlarni o‘rganish uchun markaz qurmoqda

Xitoyning Chjuxay (Guandun viloyati) shahrida gravitatsion to‘lqinlarni o‘rganishga mo‘ljallangan markaz poydevorining birinchi g‘ishtini qo‘yish tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi. “Sinxua” axborot agentligining ma'lum qilishicha, markazga sarmoya qilinadigan jami investitsiyalar miqdori 15 mlrd yuanni (2,3 mlrd dollarni) tashkil qiladi.

“Tyantsin” deb nomlangan loyiha Sun Yatsen nomidagi universitet tashabbusi bilan yaratilmoqda. U 30 ming kvadrat metr maydonga ega tadqiqot observatoriyasi va 10 ming kvadrat metr maydonga ega shovqindan izolyatsiya qilingan laboratoriya qurilishini o‘z ichiga oladi.

Universitning Astronomiya va koinot fanlari instituti dekani Li Myaoning aytishicha, “Tyantsin” dasturi 15-20 yil davomida 4 bosqichda amalga oshiriladi: u koinotga uchta yuqori orbital sun'iy yo‘ldoshlarni chiqarishni ko‘zda tutadi. Bu yo‘ldoshlarning vazifasi gravitatsion to‘lqinlarni topishdan iborat bo‘ladi. Ayni vaqtda universitet xalqaro tadqiqot dasturi uchun xodimlar to‘plamoqda.

Ayni vaqtda Xitoyda shunga o‘xshash yana ikkita loyiha amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 17 fevralida Xitoyda binar “qora tuynuk”lar va boshqa samo jismlarining birlashishidan hosil bo‘ladigan gravitatsion to‘lqinlarni o‘rganish bo‘yicha “Taytszi” (“Buyuk sarhad”) milliy dasturi ishga tushirilgandi. Xitoy, shuningdek, “Ali” deb nomlangan gravitatsion to‘lqinlarni topish bo‘yicha yana bir loyihani amalga oshirmoqda. Bu loyiha Tibet tog‘larida joylashgan Ali observatoriyasi bazasida amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihada ishtirok etayotgan olimlar Katta portlash deb nomlanuvchi materiyaning birlamchi g‘alayonlanishi “aks-sadosini” kuzatishga harakat qilmoqdalar.

Fevral boshida AQShlik olimlar 100 yil avval fizik Albert Eynshteynning nisbiylik nazariyasi yordamida bashorat qilingan gravitatsion to‘lqinlarning mavjudligini tasdiqlashdi.

Top