09:52 / 23.03.2016
1572

Cygnus koinot yuk tashuvchisi Xalqaro koinot stansiyasiga yo‘l oldi

NASA koinot agentligi Floridadagi Kanaveral burnidan AQShning sharqiy sohilbo‘yi vaqti bilan 22 mart 23:06 da bortida Cygnus yuk tashuvchi kemasi bo‘lgan Atlas 5 raketa-tashuvchisini fazoga muvaffaqiyatli uchirdi. Raketaning uchirilishi videotranslyatsiyasi NASA saytida joylashtirildi.

Cygnus yuk tashuvchi kemasi XKSga 3,5 tonna yuk, jumladan tajribalar uchun qurilmalarni yetkazishi kerak. Kema XKS bilan 26 martda tutashishi belgilangan.

Raketa fazoga ko‘tarilgandan keyin bir necha daqiqa o‘tib kamera raketa pog‘onalarining bir-biridan ajralishini ko‘rsatdi. Hammasi risoladagidek o‘tgan.

Antares va Cygnus kemalarini Orbital ATK kompaniyasi, Atlas V raketa-tashuvchisini esa Boeing va Lockheed Martin kompaniyalarining qo‘shma korxonasi – ULA kompaniyasi ishlab chiqaradi. Bu parvoz Cygnus’ning XKSga 5-tijoriy parvozi bo‘ldi, ulardan ikkitasi muvaffaqiyatsiz bo‘lgan.

Ayni vaqtda XKSga yuklarni 4 ta kema: Rossiyaning "Progress"lari, Yaponiyaning HTV va AQShning Dragon va Cygnus kemalari yetkaza oladi. Dragon kemasi orbitadan Yerga yuklarni qaytara oluvchi yagona kema hisoblanadi. XKSdan odamlarni Yerga esa faqatgina Rossiyaning "Soyuz" kemalari qaytara oladi.

Top