13:48 / 24.03.2016
3666

“Osmon osti mamlakati” “tutunli tuman”ga qarshi kurashmoqda

Xitoy havo sifati ustidan nazorat o‘rnatish borasida yagona umumdavlat standartlarini joriy qiladi. Bu haqda Davlat meteorologiya boshqarmasi rahbari Chjen Goguan bayonot berdi. Uning so‘zlariga qaraganda, “havoning ifloslanishi bilan bog‘liq muammoga jamoatchilik vakillarining qiziqishi ortgani inobatga olingan holda kuchli smogni klassifikatsiyalash maqsadida” davlat meteorologiya boshqarmasi Atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bilan hamkorlikda milliy standart joriy qilish ustida ish olib bormoqda. Ayni damda poytaxt Pekin, Tyantszin shaharlari va Xebey viloyati uchun yagona havo standarti yaratish borasida ish olib borilmoqda. Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy 2020 yilga borib meteorologiya tizimini modernizatsiyalash jarayonini yakunlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Xitoyning ko‘plab shaharlari atmosferadagi kuchli ifloslanishdan aziyat chekadi. O‘tgan yilning kuz-qish oylarida poytaxt Pekin va boshqa bir qator shaharlarda ekologik xavfsizlikning eng yuqori –“qizil” va “sariq” darajasi e'lon qilindi.

Rasmiylarning rejasiga ko‘ra, Pekin, umuman Xitoy shimoliy mintaqalari 2020 yilga borib to‘laligicha smogdan qutilishi kerak. Shu muddatga qadar ko‘mir bilan ishlovchi issiqlik elektrostansiyalarining faoliyati to‘xtalib, ekologik toza muqobil energetikaga o‘tiladi. Hozirgi damda smogning paydo bo‘lishiga 60 foiz ko‘mir sabab bo‘lishi aytiladi. Bu haqda Atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining Pekin byurosi vakili Fan Li ma'lum qilgan. Yuzaga kelgan bunday vaziyatga avtomobillardan chiqayotgan tutunlar ham sabab bo‘ladi. Pekin qishloq tumanlarini rivojlantirish xizmati rahbari Go Tszixuaning aytishicha, shu yildan boshlab poytaxt atrofidagi 400 ga yaqin qishloqda elektrlashtirish va gazlashtirish ishlari olib boriladi. Keyinchalik bu kampaniya Chaoyan, Xaydyan, Fentay va Shitszinshan megopolislarining qishloq tumanlariga joriy etiladi.

Pekin hukumati 2013 yilda “Havoning jiddiy ifloslanishi oldini olish maqsadida favqulodda choralar rejasi”ni qabul qildi.

Smog Pekin va uning atorofidagi Tyantszin shahri va Xebey viloyati xududlarini, jami 660 ming kvadrat kilometr maydonni qamrab olganidan so‘ng rasmiylar aholiga murojaat qilib, “sog‘liqlari haqida o‘zlari qayg‘urishlari lozimligini, zarurat tug‘ilmaganda ko‘chaga chiqmasliklarini, agar ko‘chaga chiqish zaruriyati paydo bo‘lsa u holda niqob taqqan holda chiqishlari” borasida tavsiya berdi.

Pekin ko‘chalarida transport qatnovi “toq va juft” prinsipiga asosan yo‘lga qo‘yildi. Ya'ni bir kun toq raqamli, keyingi kuni juft raqamli avtomobillar qatnovi joriy qilindi. Hukumat davlatga tegishli korxona va kompaniyalar avtotransport vositalaridan foydalanishni uchdan bir qismga kamaytirishga qaror qildi.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda 20 million aholi istiqomat qilayotgan Pekinda 5 millionta avtomashina bor. Har yili bu shaharda avtomashinalar soni 250 mingtaga ko‘payadi. Sharhlovchilar shahardagi avtomashinalarning 30 foizini to‘xtatib turish bilan muammo hal bo‘lmasligini ta'kidlashmoqda. Chunki Xitoyda atrof-muhitga zaharli gaz chiqazadigan sanoat korxonalari ko‘plab topiladi. Masalan, jahonda foydalanadigan ko‘mirning teng yarmi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.

Havoning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shahar va uning atrofida istiqomat qiluvchi aholining bayramlarda mayoqbozlik qilishlari va ochiq havoda olov yoqishlari taqiqlandi. Bir qator korxonalarning faoliyati to‘xtatildi. Boshlang‘ich va o‘rta maktablarda darslar bekor qilindi. Bu yildan boshlab Xitoy shaharlarining rasmiylari ekologiya bo‘yicha xavfsizlik darajasini eng yuqori ko‘rinishini joriy qila boshladi. So‘nggi yillarda Xitoy poytaxti Pekinda quyuq tuman, to‘g‘rirog‘i smog, ya'ni turli aralashmalardan iborat zaharlangan havo paydo bo‘lmoqda. Yo‘llarda ko‘rish darajasining murakkablashib ketayotgani bois bir qator avtomobil yo‘llari berkitiladi. Samolyotlarning parvozlari ham vaqti-vaqti bilan bekor qilinadi. Tumanning tabiiy emasligi tan olindi. Havoda mayda qattiq zarralar indeksi 526dan yuqori bo‘lib, bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti sog‘liq uchun xavfsiz deb belgilagan me'yordan 10 barobar yuqori hisoblanadi.

Havoni ifloslantirayotgan zaharli tuman atrof-muhitga katta ziyon yetkazayotgani aytilmoqda. Xitoy hukumati mamlakat aholisini tashvishga solayotgan muammodan endilikda ko‘z yumib bo‘lmasligini, fojia qamrovi juda ham tashvishli ekanini tan oldi. Davlatga tegishli ommaviy axborot vositalarida berilayotgan xabarlar shundan dalolat bermoqda.

Smog, ingliz tilidan tarjima qilinadigan bo‘lsa, (“smoke” tutun, “fog” tuman) “Tutunli tuman” ma'nosini anglatadi. Uning tarkibida tuman, kul va tutun bo‘ladi. “Smog” atamasi birinchi bor o‘rta asrlarda ko‘mir yoqilishi oqibatida shahar havosining ifloslanishi kuzatilgan Angliyada paydo bo‘lgan. Ilk bor smog haqida shifokor Genri Antuan de Vo 1905 yilda yozgan “Tuman va tutun” maqolasida ma'lumot bergan. 1950 yilda kaliforniyalik olim Haagen-Smit smogning yangi turi haqida batafsil yozib qoldirgan.

Olimlarning so‘zlariga qaraganda, jahondagi yirik megopolislarning “bosh og‘rig‘i”ga aylanib qolgan smog har qanday tabiat va iqlim sharoitlarida yirik shaharlarda va sanoat markazlarida paydo bo‘lib havoni ifloslantirishi mumkin. Ayniqsa, kunlar isib ketgan vaqtda smog odamlar, jumladan, bolalar va keksalar sog‘lig‘iga jiddiy ziyon yetkazadi. Smog juda xam xavfli bo‘lib, ko‘p holatlarda nafas olishni qiyinlashtiradi, uyqusizlik, bosh og‘rig‘i, ko‘zdan yosh oqish, yo‘tal va boshqa turli kasalliklarga sabab bo‘ladi.

Sh.To‘laganov

Top