08:53 / 24.03.2016
4234

Audi R8’ning usti ochiq modifikatsiyasi namoyish qilindi

Audi kompaniyasi R8 – Spyder superkarining usti ochiq modifikatsiyasini namoyish qildi. Yangi mashina Nyu-York avtosalonida ilk bor namoyish qilindi.

Modelning uzunligi 4426 mm, eni 1940 mm, balandligi 1244 mm, g‘ildiraklar bazasi o‘lchami 2650 mm ni tashkil qiladi. Superkar o‘zining avvalgi versiyasidan 14 mm kaltaroq va 36 mm enliroq qilib ishlandi, biroq shu bilan birga avtomobilning qolgan ko‘rsatkichlari avvalgidek o‘zgarishsiz qoldi.

Superkar yumshoq tomga ega bo‘lib, u 44 kg keladi va elektrogidroprivod yordamida 50 km/soat tezlikda 20 soniya ichida yig‘iladi. Superkarning og‘irligi 1612 kg bo‘lib, quvvatining vaznga nisbati bir ot kuchiga 3,19 kg ni tashkil qiladi.

Yangi avloddagi model uchun shovqin izolyatsiyasi yaxshilandi, havo oqimlarining uyurmalanishi kamaytirildi. Mashina ochiq tom bilan yurganda sintetik materialdan tayyorlangan maxsus "latta" deflektor evaziga yo‘lovchilarning bosh va bo‘yin qismlarida "shamol tegishi" mos ravishda 90 va 80 foizga kamaydi.

Audi R8 to‘liq privodli bo‘lib, 5,2 litrli, V10, 540 ot kuchiga ega motor va 7 pog‘onali robotlashtirilgan uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Mashina 100 km/soat tezlikka 3,6 soniyada, 200 km/soat tezlikka esa 11,8 soniyada erishadi. Mashinaning maksimal tezligi 318 km/soatni tashkil qiladi. Mashina 100 km yo‘lga o‘rtacha 11,7 litr yonilg‘i sarflaydi.

Superkar 19 dyuymli disklar va old tomondan 245/35 o‘lchamli va orqa tomondan 295/35 o‘lchamli shinalar, 8 porshenli tormoz, Bang & Olufsen audiotizimi, 12,3 dyuymli raqamli asboblar paneli hamda bosh yorug‘likning lazer faralarini oldi.

Top