11:10 / 24.03.2016
1383

Bryussel voqealarida shvetsiyalik odamning qo‘li borligi aniqlandi

Belgiya politsiyasi Bryusselda terrorchilik harakatlarini tashkillashtirgan terroristlar haqidagi ma'lumotlarni chop etgach, 15 mart kuni reyd davomida Belgiya politsiyasi tomonidan o‘ldirilgan 35 yoshli asli jazoirlik Muhammad Belqaid bir necha yillar davomida Shvetsiyada ro‘yxatdan o‘tgani haqidagi ma'lumotlar ma'lum bo‘ldi.

Ushbu shaxs otib tashlangan Belgiya poytaxtidagi xonadonni aka-uka Bakruylarning biri ijaraga olgan, deb xabar beradi Dagens Nyheter gazetasi.

Politsiya bu kvartirada Parij teraktlarining tashkilotchisi Solih Abdulislomning DNK izlarini aniqladi. Bu esa Muhammad Belqaid Parij va Bryusseldagi portlashlarda aybdor terroristlar bilan ittifoqdosh bo‘lganini bildiradi.

Belqaid Shvetsiyaga 2010 yili kelgan. Bu yerda u shvetsiyalik ayolga uylanadi va bir yildan so‘ng mamlakatda yashash huquqini oladi.

Politsiya ma'lumotiga ko‘ra, uning zimmasida qator mayda qoidabuzarliklar, jumladan, o‘g‘rilik va sovuq qurol to‘g‘risidagi qonunbuzarliklar bo‘lgan.

2014 yili Belqaid IShID terroristik guruhiga qo‘shilish uchun Suriyaga boradi. Hujjatga ko‘ra, u o‘limga yuborilishga rozi bo‘lgan.

Dekabr boshida u 130 kishini hayotdan olib ketgan Parij teraktida gumon qilinib, xalqaro qidiruvga berilgan edi.

Shvetsiya davlat xavfsizlik xizmati tarkibidagi politsiyasi boshqarmasi teraktlarda “shvetsiyalik iz” paydo bo‘lganiga hali izoh bermadi. “Hali bu haqda gapirishga erta. Biz xalqaro hamkorlarimiz bilan aloqadamiz hamda Fransiyada o‘tkazilayotgan va Belgiyada o‘tkaziladigan tergov-surishtiruv ishlarining natijasini kutmoqdamiz”, - deb ma'lum qildi Shvetsiya davlat xavfsizlik xizmati matbuot kotibi Fredrik Milder.

Top