10:30 / 24.03.2016
1843

Mitsubishi o‘z tarixida birinchi marta zarar ko‘rmoqda

Yaponiyaning Mitsubishi korporatsiyasi energetik loyihalar bilan bog‘liq aktivlarining qadrsizlanishi oqibatida o‘z tarixida birinchi marta zarar ko‘rmoqda. 24 martda "Kiodo" axborot agentligi ma'lum qilganidek, 2015 moliya yili yakunlariga ko‘ra (joriy yilning martida tugaydi) kompaniyaning zarari 100 mlrd iyenga (887 mln dollar) yaqinni tashkil qiladi.

Ta'kidlanishicha, yomon moliyaviy hisobotning asosiy sababi neft, tabiiy gaz va boshqa energiya zaxiralari hamda xom ayoshalar narxining pasayishi bo‘lmoqda. Xususan, Mitsubishi Chilida mis qazib olish bo‘yicha loyihasidan katta zarar ko‘rmoqda. Avvalroq yapon korporatsiyasi 2015 yil uchun operatsion daromadni 300 mlrd iyen (2,66 mlrd dollar) miqdorida prgnoz qilayotgan edi.

Mitsubishi’dan tashqari, 2015 moliya yili yakunlariga ko‘ra Mitsui kompaniyasi ham zarar ko‘radi.

Mitsubishi korporatsiyasi 1954 yilda tashkil etilgan. Korporatsiya energetika, mashinasozlik, bank va moliya tarmoqlarida biznesga ega. Ayni vaqtda kompaniyada 70 mingga yaqin odam ishlaydi. 2014 moliya yili natijalariga ko‘ra kompaniya 3,64 mlrd dollar midorida operatsion daromad olgandi.

Top