08:01 / 24.03.2016
1871

Pyotr Poroshenko futbol bo‘yicha Ukraina terma jamoasi a'zolariga to‘pponchalar sovg‘a qilgani ma'lum bo‘ldi

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko futbol bo‘yicha Ukraina terma jamoasi Yevropa chempionatining final bosqichiga chiqa olgani uchun terma jamoaning 9 nafar futbolchisiga mukofot sifatida oluvchining nomi yozilgan to‘pponchalar sovg‘a qilgan. Shunday sovg‘ani terma jamoa bosh murabbiyi Mixail Fomenko va Ukraina Futbol federatsiyasi rahbari Andrey Pavelko ham olgan. Bu haqda Ukrainaning "Vesti" nashri xabar bermoqda.

Oleg Gusev, Yevgeniy Xacheridi, Andrey Yarmolenko («Dinamo» Kiyev), Andrey Pyatov, Vyacheslav Shevchuk («Shaxtyor»), Ruslan Rotan, Artem Fedetskiy («Dnepr»), Yevgeniy Seleznev va Anatoliy Timoshchukka shunday sovg‘alar berilgan.

Poroshenko bu haqdagi farmonni 2015 yil 21 noyabrda imzolagandi. Biroq bu farmon endi, OAV tegishli so‘rovni amalga oshirgandan keyin chop etildi.

Futbolchilarning "esdalik sovg‘alari" bilan mukofotlangani haqidagi ma'lumot Ukraina prezidentining rasmiy saytida 22 noyabrda paydo bo‘lgandi.

Ukraina rahbariyati orasida mukofot sifatida o‘qotar qurol sovg‘a qilish odat tusiga kirmoqda. Fevralda Ukraina mudofaa vaziri Stepan Poltorak bir qator siyosatchilarni qurol bilan mukofotlagandi. Misol uchun, Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk sovg‘a sifatida Tompson to‘pponcha-pulyometi va unga 203 ta o‘q olgan edi.

Ukraina terma jamoasi Fransiyada 10 iyundan 10 iyulgacha bo‘lib o‘tadigan Yevropa chempionatining final bosqichida Germaniya, Polsha va Shimoliy Irlandiya termalari bilan bir guruhda bellashadi.

Top