23:11 / 25.03.2016
2426

"Betmen Supermenga qarshi" filmi rekord o‘rnatdi

Ekranlar yuzini endi ko‘rgan "Betmen Supermenga qarshi" filmi o‘ziga xos rekord o‘rnatdi, deb xabar bermoqda Variety nashri. Film 24 mart, payshanba kuni AQShda 27,7 mln dollar ishlab topdi.

Bu Pasxa uikendidagi payshanba kunidagi namoyishlar orasida eng yaxshi ko‘rsatkich bo‘ldi. Avvalgi rekord " Forsaj-7" (18,8 mln dollar) jangari filmiga tegishli edi.

AQShda barcha payshanba kungi namoyishlar orasida rekord natijani hali ham "Yulduzlar janglari: Kuchning uyg‘onishi" ushlab turibdi: 2015 yil 17 dekabrda (payshanba) film 57 mln dollar ishlab topgan.

Filmdagi Betmen rolini ijro etgan aktyor Ben Afflek videomemlar qahramoniga aylandi. YouTube’da Afflek va uning film bo‘yicha hamkasbi Genri Kavillning intervyusi Simon and Garfunkel duetining The Sound of Silence (Sukunat tovushi) qo‘shig‘i ostida ketayotgan rolik paydo bo‘ldi.

Kavill bu intervyuda filmga bildirilgan tanqidlarga faol ravishda izoh beradi, Afflek esa asosan jim o‘tiradi va faqatgina intervyu oxirida o‘z hamkasbining gaplarini qo‘llab-quvvatlashini aytadi.

Ushbu videomem 24 martda chop etildi va ayni vaqtgacha deyarli 900 ming namoyish yig‘ishga ulgurdi.

Top