22:28 / 25.03.2016
1488

Gvardiola: «Sovrinlarni qo‘ya turaylik. Kroyff 2 klubni o‘zgartirdi va bizni futbol neligini anglashga o‘rgatdi»

«Bavariya» jamoasi bosh murabbiyi Xosep Gvardiola o‘z ustozi, 68 yoshida olamni tark etgan afsonaviy niderlandiyalik futbolchi Yohan Kroyffni xotirladi.

«Endi bizda u bilan yana ko‘rishish imkoni yo‘q, lekin uning merosi biz bilan. Biz undan ko‘p narsani o‘zimizga oldik. Kimdir undan murabbiylik borasidagi bilimlarni, kimdir sharhlovchilik mahoratini o‘zlashtirgan.

Biz murabbiy bo‘lib yetishdik, chunki Kroyff bizga o‘z g‘oyasini singdirgan, biz undan qanday qilib maydonda ustunlikka ega bo‘lishni o‘rganganmiz. U bunda katta yordam ko‘rsatgan.

Kecha Kroyffni tanimaydigan o‘g‘lim Marius mendan nima yuz berganini so‘radi. Men unga Kroyff qanday ustoz bo‘lganini, uning biz uchun hamisha darslarini intiqlik bilan kutadigan o‘qituvchimiz bo‘lgani bilan tushuntirdim.

Jamoadoshlarimiz bilan hamisha uning mashg‘ulotlarini kutardik.

O‘g‘lim mendan tag‘in so‘radi: «U Merlin kabi bo‘lganmi?»

U insonlarning yetuklaridan biri edi. U bizga yomon o‘ynayotganimizga ko‘p va behuda yugurishimiz sabab bo‘lishini aytardi.

U o‘zi ishongan ishni qilardi. Bejizga Andoni Subisarreta va Chiki Begiristayn a'lo darajadagi sport direktorlari bo‘lib yetishishmadi. Chunki, u barchamizni futbolni tushunishga o‘rgatgandi. Uning merosi abadiy qoladi.

Uning merosi qo‘lga kiritilgan sovrinlari emas. Sovrinlar uning asl yutuqlariga qo‘shimcha bezaklar xolos. U 2 jamoani o‘zgartirdi. U nafaqat «Ayaks» va «Barselona»ni, balki Niderlandiya va Ispaniya terma jamoalarini ham yangicha o‘ynashga o‘rgatdi. Sovrinlar haqida esa unuta turing.

Men hali u «Barselona» bilan erishganlarning hech qanchasiga erisha olmadim. U bir inqilobchi bo‘lib barcha-barchasini o‘zgartirdi va maqsadiga erishdi. Uning yutuqlarini hech narsa bilan taqqoslab bo‘lmaydi», – deyadi Gvardiola.

Lionel Messi: «Biz bu jamoadaligimiz uchun Kroyffdan minnatdor bo‘lishimiz kerak»

3 karra «Oltin to‘p» sohibi Yohan Kroyff vafot etdi

Top