16:41 / 25.03.2016
1828

Moskva viloyatida O‘zbekistondan olib ketilayotgan nodir san'at asarlari ushlandi

"360" telekanalining xabar berishiga ko‘ra, Moskva viloyati bojxona xodimlari O‘zbekistondan keltirilayotgan 400 kg atrofidagi san'at namunalari ortilgan yuk mashinasini ushlashdi.

Buyumlar XIX asrdagi Osiyo ko‘chmanchilariga tegishli bo‘lib, aftidan ular qora bozorda sotishga mo‘ljallangan. Ba'zi ashyolarning bahosi o‘n minglab rublni tashkil etadi. Fosh etilgan buyumlar orasidan yog‘och o‘ymakorligi namunalari, charm egarlar, bronza idishlar, sandiqlar, beshiklar o‘rin olgan.

Qadriyatlar Sharq xalqlari Davlat muzeyiga yetkazilgan.

"Bu buyumlardan bugungi kunda deyarli foydalanilmaydi. Ularni qo‘lga kiritish muzey uchun oson emas. Aksariyati yo‘qolib ketgan", — dedi Sharq xalqlari Davlat muzeyi rahbari Aleksandr Sedov.

Qimmatbaho buyumlarning egasi-yu xaridori kimligi hozircha aniqlanmadi. Taxminlarga ko‘ra, eksponatlarni xususiy kolleksionerlarga yetkazmoqchi bo‘lishgan.

Top