11:05 / 25.03.2016
2611

Olimlar Yer atmosferasi avval taxmin qilingandan 800 mln yil ertaroq paydo bo‘lganini aytishmoqda

Yer sayyorasida erkin kislorod 3,8 mlrd yil, ya'ni avval ba'zi olimlar taxmin qilgandan 800 mln yil avval mavjud bo‘lgan. Bunday fikrga Kopengagen universiteti professori Robert Fray boshchiligidagi bir guruh olimlar keldilar, deb xabar bermoqda sciencenordic.com portali.

Fray sayyoramizdagi eng qadimiy tog‘ jinslari – Grenlandiya g‘arbidagi yo‘l-yo‘lsimon temir ruda toshlarini tahlil qilib shunday xulosaga keldi. Bu toshlarning yoshi 3,7-3,8 mlrd yilni tashkil qiladi. Olimning aytishicha, ularda uchraydigan uran, ayniqsa xrom izotoplari turi bu metallar o‘sha paytdayoq oksidlanishga uchraganidan darak beradi, bu holatni atmosferada kislorod bo‘lgani bilan tushuntirish mumkin. Ehtimol u juda kam miqdorda bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

"Ochig‘ini aytganda men olingan natijalarni birinchi bor ko‘zdan kechirayotganimda ulardan karaxt holga tushdim. Fan hamjamiyatining katta qismi o‘sha zamonlarda erkin kislorod bo‘lishi mumkinligiga ishonmaydi. Men ko‘plab tanqidiy fikrlarni eshitdim, maqolamni chop etish uchun esa bir yil vaqt ketdi. Biroq men bir qator namunalarni o‘rganib, batafsil hisob-kitoblarni amalga oshirdim va natijalarning aniqligiga ishonchim komil", deb aytdi Fray.

Ayni vaqtda olim Grenlandiyadagi Isua tuzilmalaridagi cho‘kindi jinslar tarkibidagi oltingururt va fosfor izotoplarini o‘rganmoqda. Uning aytishicha, bu ish natijalari 3,8 mlrd yil avval, Yer paydo bo‘lganidan 750 mln yil o‘tib, arxey davri boshida kislorodning maksimal konsentratsiyasi qanday bo‘lgani haqidagi farazni tuzishga imkon beradi. Olimlarning xulosalari fanning sayyoramizning ilk davrlarida evolyutsion jarayonlar qanday kechgani borasidagi tasavvurlariga jiddiy ta'sir qilishi mumkin.

Ayni o‘sha davrlarda, Yer meteoritlar tomonidan bombardimon qilinishi yakunlanayotganda yer po‘stlog‘i shakllangan, sayyoramizda hayot paydo bo‘lgan. Frayning aytishicha, ilk bakteriyalar evolyutsiyaning asosiy dvigatellaridan bo‘lgan kislorodga ehtiyoj sezgan-sezmaganini hanuzgacha fanga noma'lum. Kislorodning 3,8 mlrd yil avval mavjud bo‘lganini kislorod ishlab chiqaruvchi fotosintezlovchi bakteriyalar faoliyati bilan tushuntirish mumkin. Fray o‘sha paytdayoq kislorodga ehtiyoj sezuvchi aerob organizmlar paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

"Biz olgan natijalar evolyutsiya avval taxmin qilingandek kechmagani haqida tasavvur qilishga imkon beradi. Hamma hayot qanday qilib paydo bo‘lgani, insoniyat ildizi qanday ekanligini bilishni istaydi", deb ta'kidlab o‘tdi Fray.

Frayning taxmini uning hamkasblarida bir qancha savollar tug‘dirmoqda. Ulardan asosiysi shu bo‘lmoqdaki, agar fotosintez qiluvchi jonzotlar ilk arxeyda mavjud bo‘lgan bo‘lsa, unda atmosferaning kislorod bilan to‘yinishi uchun nima uchun bunchalik uzoq vaqt talab qilingan?

Top