11:40 / 25.03.2016
12313

Urushning nomi o‘chsin....

Jahonning turli mintaqa va hududlarida qarama-qarshilik va ziddiyatlar, qonli mojarolar, xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik kabi xavf-xatarlar tobora kuchayib bormoqda, fashizm balosi yana bosh ko‘tarmoqda, millatchilik, shovinizm singari ofatlar maydonga chiqmoqda.

Bu yil insoniyat tarixida eng dahshatli deya tan olingan urush nihoyasiga yetganiga 71 yil to‘ladi. Shundan keyin jahonda tinchlik davri boshlanganiga barcha umid qilgandi. O‘tgan asrning 70-yillarida, endilikda katta davlatlar o‘rtasida urush hech qachon yuz bermasligi haqida baralla aytila boshlandi. Biroq XX asr oxiri, XXI boshlaridagi o‘zaro nizolar katta urushlardan kam emasligini ko‘rsatmoqda.

Urushlarda kim g‘alaba qozonib, kim mag‘lub bo‘lishidan qat'i nazar o‘zaro nizolashayotgan tomonlar uchun insoniy, siyosiy va iqtisodiy yo‘qotishlar bo‘lishi aniq. Masalan, Ikkinchi jahon urushida o‘sha vaqtda Yer yuzi aholisining uch foizini tashkil qiluvchi 60 millionga yaqin kishi halok bo‘lgan. Bir qator Yevropa mamlakatlari, o‘z aholisining 10 foizidan ayrilgan. G‘olib mamlakatlar ham katta yo‘qotishlarga duchor bo‘lgan.

Urushning eng katta yo‘qotishi bu jamiyatdagi qadriyatlarning o‘zgarishida namoyon bo‘ladi. Birinchi jahon urushidan keyin Yevropada “yo‘qotilgan avlod” paydo bo‘lgan bo‘lsa, Ikkinchi jahon urushi ham Hirosima va Nagasaki timsolida insoniyat tarixida “qora iz“ qoldirdi. Avvalari urushlar vayronagarchiliklarga sabab bo‘lar edi. Endi esa vayronagarchiliklar chegara bilmayapti. Masalan, terrorchilarning qarorgohlariga berilayotgan havo zarbalari tinch aholiga ziyon yetkazmaydi, deb hech kim kafolat bera olmaydi. Yadroviy zarbalar qo‘shni shaharlarga ham shamol orqali zaharli havoni yetkazayotgani aytilmoqda.

Bugungi urushlar nafaqat jinoiy nuqtai nazardan, balki axloqiy jihatdan ham jirkanch tusga kirib borayotgani oydinlashmoqda. XXI asrdagi asosiy urush va nizolar haqida qisqacha ma'lumot berib o‘tamiz.

2000—2005 yilarda Ikkinchi intifada, 2001 yil Makedoniyadagi mojaro, 2002 — 2007 yilardagi Kot-d’Ivuardagi fuqarolar urushi, 2003 — 2009 yillardagi Chad va Eritreya o‘rtasida Darfur mojarosi, 2004 — 2009 yillardagi Kivu mojarosi, 2005 — 2008 yillarda Keniyada aksilhukumat isyoni, 2005 — 2010 yillarda Chadda ikkinchi fuqorolar urushi, 2006 yilgi ikkinchi Livan urushi, 2006 — 2007 yillardagi Falastining Fath va Hamas guruhlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar, 2006 — 2012 yillardagi Somalidagi urush, 2007 yil Shimoliy Livandagi mojaro, 2007 — 2008 yillardagi Keniyada yuz bergan siyosiy inqiroz, 2007 — 2009 yillarda kuzatilgan Malida Tuareglar isyoni, 2008 yil Kambodja -Tailand chegara mojarosi, 2008 yil Jibuti- Eritreya chegara mojarosi, 2010 — 2011 yillarda Tunisdagi inqilob, 2011 yilgi “Arab bahori”, 2011 — 2012 yillardagi Yamandagi isyon, 2011 yil Liviyada fuqarolar urushi, 2011 — 2012 yillarda Bahraynda yuz bergan isyon, 2011 yildan beri Suriyada davom etayotgan fuqarolar urushi, Ukrainadagi vaziyat, Misrdagi inqiloblar va harbiy to‘ntarishlar.....

Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. Umuman olganda 21 asrning 15 yili mobaynida hududiy, millatlararo, siyosiy, g‘oyaviy va diniy yo‘nalishlarda, shuningdek giyohvand moddalar savdosi hamda neft-gaz konlari ustidan nazorat o‘rnatish maqsadida 61tadan ortiq harbiy mojaro kuzatilgan. Shu davr mobaynida bir yarim million kishi urushlar qurboniga aylandi. Eng ko‘p to‘qnashuv 2004 yilda qayd qilingan. O‘sha yili jahonda 12 ta qurolli to‘qnashuv yuz bergan.

2001 yilning 11 sentabridan keyin boshlangan “terrorizmga qarshi urush” qurbonlari ham ortib bormoqda.

1996 yilda Afg‘onistonning katta qismi va poytaxt Kobul “Tolibon” qo‘liga o‘tdi. AQSh tomonidan qidiruvga berilgan birinchi raqamli terrorchi Usama bin Loden ham aynan Afg‘onistondan boshpana topgandi. Toliblar bin Lodinni AQShga topshirishdan voz kechdi. 2001 yilning 11 sentabr kuni ro‘y bergan hodisadan so‘ng AQSh tolibonlarga ultimatum qo‘ydi. 21 sentabrda tolibonlar yana rad javobini qaytarishdi. Tolibonga qarshi harbiy harakatlar 7 oktabr kuni kechqurun boshlandi.

2004 yilda Saddam Hussayn rejimiga qarshi 39 mamlakat Iroqda hujum boshladi. “Tiran ustidan g‘alaba qozonilgani” aytilar ekan, Iroqda ommaviy qirg‘in qurollari yo‘qligi ma'lum bo‘ldi.

Biroz vaqt oldin Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Blerning tan olib aytishicha, Iroqqa qarshi urush IShIDning paydo bo‘lishiga olib keldi. 7 yil davom etgan urush natijasida Iroqda 168,3 ming kishi halok bo‘ldi.
Jahonda davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar nafaqat urush davom etayotgan mamlakatlar, balki butun dunyo xalqlarining tashvishiga sabab bo‘lmoqda. Eski mojarolar to‘xtamay turib, yangilari paydo bo‘lmoqda.

2013 yilning 16 dekabrida Janubiy Sudan prezidenti Salva Kiir harbiy to‘ntarishning oldi olingani xaqida bayonot berdi. 17 dekabrda poytaxt Jubada hukumat kuchlari va sobiq vitse-prezidenti Riyek Machar boshchiligida isyonkorlar o‘rtasida otishma boshlanib ketdi. BMT vakillari bayonot berib, Janubiy Sudanda etnik asosida qurolli mojarolar davom etayotganini bildirdi. 31 dekabrda Efiopiyada ikki tomon vakillari ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Qurolli to‘qnashuvlar oqibatida mamlakatni 52 mingdan 66 mingacha kishi tark etdi. Janubiy Sudanda 3,7 million kishi oziq-ovqatga muhtojlikda kun kechirmoqda. BMT bu mamlakatda inson huquqlari ham hukumat, ham isyonkorlar tomonidan buzilayotganini bildirdi.

Markaziy Afrika respublikasida fuqarolar urushi 2003 yilda boshlandi. Tartibsizliklar oqibatida 10 mingdan ortiq kishi o‘z yurtini tashlab ketishga majbur bo‘ldi.

Kolumbiyada hukumat kuchlari va so‘l radikal - Kolumbiya Inqilobiy Qurolli kuchlari (FARC) guruhi o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar salkam yarim asrdan beri davom etib keladi. To‘qnashuvlar oqibatida 220 mingdan ortiq kishining halok bo‘lgani aytiladi. O‘tgan yilning sentabr oyida prezident Huan Manuel Santos va Kolumbiya Inqilobiy Qurolli kuchlari (FARC) rahbari Timoleon Ximenes o‘rtasidagi qo‘l berib ko‘rishishdan so‘ng, mamlakatda mojarolarga barham berish umidlari paydo bo‘ldi. Mamlakat ahli kelajakka umid ko‘zlari bilan boqmoqda. Kolumbiya rasmiylari isyonkorlarni giyohvand moddalar noqonuniy savdosida ayblab keladi. AQSh va Yevropa Ittifoqi esa FARC`ni terror tashkilotlari ro‘yxatiga kiritgan. Kuba va Venesuela bu tashkilot partizanlik harakati ekanini aytib keladi.

Kolumbiya Inqilobiy Qurolli kuchlari - Xalq armiyasi 1964 yilda yerlaridan ajralgan dehqonlarni himoya qilish maqsadida tashkil topgan. O‘tgan asrning 90-yillarida Xalq armiyasi qudratli kuchga ega, saflarida 17 mingdan ortiq a'zo bor edi. A'zolarining 40 foizini xotin-qizlar tashkil qilgan. O‘shanda isyonkorlar mamlakat hududlarining 45 foizini nazorat qilardi. Kolumbiya Tarixiy Xotira Milliy markazi e'lon qilgan hisobotga ko‘ra, yarim asr davomida o‘ldirilgan 220 ming kishining har besh nafaridan to‘rt nafari tinch aholi vakillari bo‘lgan. Eng qonli davr 1996 yildan 2005 yilgacha bo‘lgani aytiladi. O‘shanda Kolumbiyada har sakkiz soatda bir kishi o‘g‘irlanar va har kuni bir marta mina portlardi. 2002 yilda prezident etib Alvaro Uribe saylanadi. U isyonkorlar tomonidan o‘ldirilgan yer egasining o‘g‘li edi. 2007 yildan hukumat kuchlari isyonkorlarga qarshi xujumga o‘tdi. Hujum keng qamrovli emas, balki otryadlarga qarshi alohida-alohida olib borildi. Buning natijasida Kolumbiya Inqilobiy Qurolli kuchlari saflarida faoliyat yuritayotganlar soni ikki barobar qisqardi. 100ga yaqin dala qo‘mondoni yo‘q qilindi. 2008 yilning 26 martida tashkilot asoschisi va raxbari Manuel Maruland 77 yoshida vafot etdi. Uning o‘rniga antropolog Alfonso Kano tashkilot rahbari etib saylandi. Ammo uning zafar quchishi qiyin bo‘ldi. 2011 yilning noyabr oyida Kolumbiya maxsus xizmatlari uni yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi. Tashkilot yangi rahbari etib Timoleon Ximenes saylandi. U o‘z faoliyatini hukumatga murojaat qilib, tinchlik muzokaralari taklifi bilan boshladi.

Bugungi kunda davlatlar o‘rtasida keng qamrovli yadro urushi kelib chiqmasligi aniq. 1962 yili Karib inqirozidan keyin “yadro quroli maqsadga erishishda asosiy vosita bo‘ladi”, degan qarashlardan voz kechilgan. Ammo bir qator davlatlarning yadro qurollariga bo‘lgan intilishlarini nima bilan oqlash mumkin?! Dunyo shundoq ham “poroxli bochka ustida turgan bo‘lsa”, yana qo‘shimcha poroxli bochkaning kimga keragi bor? Tahlikali dunyoda yadro qurollarining terrorchilar qo‘liga tushib qolmasligiga hech kim kafolat bera olmasligi mumkin.

XXI asrda yirik urushlardan ko‘ra, ko‘proq millatlararo to‘qnashuvlar kuzatilmoqda. Ekspertlarning fikricha, Afrika mamlakatlarida ham millatlararo, irqlaroro mojarolarning davom etishi ham global dunyoning global muammolaridan hisoblanadi. Ekstremistlarning faolashib qolayotgani xam xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. O‘zini IShID deb atayotgan guruhga qarshi o‘tgan yilning iyun va iyul oylarida keng qamrovli harbiy harakatlar boshlandi. IShIDga qarshi kurash “amalda uchinchi jahon urushi boshlanganidan dalolat” deguvchilar ham bo‘ldi. IShIDga qarshi bitta emas, ikkita koalitsiya tuzilgan. Bittasiga AQSh, ikkinchisiga Rossiya boshchilik qilmoqda.

Urush ancha vaqt yirik mamlakatlarning ta'sir doirasini belgilashda asosiy qurolga aylanishi mumkin. “Yirik davlatlar kichik davlatlar ishtirokida o‘zaro raqobatga kirishdi” degan fikrlar xam paydo bo‘lmoqda. Agar bu gaplarda jon bo‘lib, katta davlatlar o‘zaro raqobatda davom etadigan bo‘lsa, u holda xavfsizlik bilan bog‘liq mavjud muammolarning yechilishi savol ostida qolaveradi, keskinlik esa kuchayaveradi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov ta'kidlaganidek, tobora keskinlashib borayotgan bunday vaziyatda, tahdid va xatarlarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston hukumati olib borayotgan siyosat xalqqa yaxshi ma'lum. Ya'ni, O‘zbekiston uzoq va yaqin atrofdagi barcha davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashni birinchi darajali vazifa, deb biladi.

“Biz dunyoning turli o‘lkalarida davom etayotgan ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqatgina siyosiy yo‘l bilan, tinchlik yo‘li bilan hal etish tarafdorimiz”, dedi davlat rahbari o‘tgan yilning 9 may kuni jurnalistlar bilan uchrashuvi chog‘ida.

Sharofiddin To‘laganov.

Top