06:46 / 27.03.2016
1243

"Aeroflot" Qozog‘istonga parvozlarni vaqtinchalikka to‘xtatdi

Rossiyaning eng yirik aviakompaniyasi "Aeroflot"  26 martning ikkinchi yarmidan Qozog‘istonga muntazam reyslarni to‘xtatdi, deb xabar berilmoqda aviakompaniya saytida.

"Bu Rossiya aviakompaniyasining 27 martda kuchga kiradigan parvoz jadvaliga muvofiq parvozlarni amalga oshirishga ruxsat beruvchi hujjatning Qozog‘iston tomonidan taqdim qilinmagani sababli majburiy chora bo‘ldi. "Aeroflot" Rossiyadan Qozog‘istonga yo‘nalishlarda belgilangan aviatashuvchi bo‘lishiga qaramasdan, tegishli ruxsatlarni olmadi. Vaholanki, aviakompaniya bu ruxsatni olish uchun arizani 2016 yil 12 fevraldayoq topshirgandi", deyilmoqda xabarda. 

Ma'lum qilinishicha, "Yoz-2016" jadvaliga ko‘ra aviakompaniya Moskvadan Qozog‘istonning Aktau, Oktobe, Olmaota, Ostona, Atirau, Qarag‘anda, Chimkent shaharlariga muntazam parvozlar amalga oshirishi ko‘zda tutilgan edi. Shu munosabat bilan aviakompaniya o‘z yo‘lovchilariga yaqin uch kunda Qozog‘istonga bormaslikni va undan kelmaslikni tavsiya qilmoqda. 

Aviakompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, 26-27 martga belgilangan Qozog‘istonga va u yerdan Moskvaga 11ta reys bekor qilindi. Aviakompaniyaning ushbu sanalarga chiptalar sotib olgan yo‘lovchilariga chiptalarga to‘langan pulni qaytarib olish imkoniyati taqdim qilindi.   

Qozog‘istonning milliy aviakompaniyasi Air Astana ham Moskvaga reyslar to‘xtashi mumkinligini ma'lum qildi. Kelishmovchilikka Air Astana yo‘lga qo‘yayotgan Ostona-Ulan-Bator yo‘nalishi sabab bo‘lmoqda. Qozog‘iston aviakompaniyasi xorijiy aviatashuvchilardan farqli o‘laroq, Rossiya orqali Transsibir yo‘nalishi bo‘ylab parvoz uchun Rossiyaga haq to‘lashdan bosh tortmoqda.

Top