13:39 / 28.03.2016
1514

Aholini aldab gaz pullagan amaldorning qing‘ir yo‘li to‘sildi

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan tarif stavkasi bo‘yicha 2012 yil 27 avgustdan 2014 yil sentabr oyiga qadar har bir suyultirilgan gaz aholiga 225 so‘mdan, 2014 yilning sentabr oyidan 2015 yil fevral oyiga qadar 310 so‘mdan yetkazib berilishi belgilangan edi. Lekin Jizzax viloyati, Do‘stlik tumani “Do‘stliktumangaz” filiali ombor mudiri vazifasida ishlab kelgan Adham Mamatov o‘z faoliyati davomida bu narxga amal qilmaydi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

U fuqarolarni aldab, belgilangan narxning ustiga har bir gaz baloni uchun 2 ming so‘mdan 5 ming so‘mgacha noqonuniy ravishda qo‘shimcha pul yig‘ib olgan. Buning natijasida 2013-2014 yillar va 2015 yilning boshida Do‘stlik tumanidagi “Qahramon”, “Saritepa”, “Oltin vodiy”, “Bunyodkor” va “Navro‘z” mahallalarida yashovchilarga gaz ballonlarini oshiqcha narxda sotib, jami 12 mln 66 ming so‘mlik o‘zganing mulkini firibgarlik bilan qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, A.Mamatov aholi bilan pullik hisob-kitoblarni amalga oshirishda tegishli qonun hujjatlari talablariga zid ravishda faoliyat yuritdi. U 2013-2014 yillar va 2015 yil yanvar-fevral oylari davomida suyultirilgan gaz savdosidan, ko‘rsatilgan texnik xizmatdan va boshqa tushumlardan kelib tushgan 119 mln 364 ming so‘m naqd pullarni nazorat-kassa mashinasidan o‘tkazmasdan yoki soliq idoralaridan ro‘yxatdan o‘tgan, qat'iy hisobot beriladigan hujjatlar yo ki boshqa to‘lov qog‘ozlarini bermasdan bank muassasasiga topshirib kelgan.

Sud Adham Mamatovning qilmishiga iqrorligini, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligini inobatga oldi va unga nisbatan qonunda berilgan choralar ko‘rildi.

Top