18:38 / 28.03.2016
1573

Qochqinlar Yevropaga yangi yo‘l topishdi

Muhojirlar YeIga Turkiya va Bolgariya orqali kirib kelishmoqda. Makedoniya, Serbiya va Xorvatiya orqali Avstriyaga hamda shimoliy Yevropa davlatlariga o‘tish imkonini beruvchi "Bolqon yo‘nalishi"ning yopilishi tufayli qochoqlar Yevropaga olib boruvchi yangi yo‘llarni topishmoqda. Bu haqda Frankfurter Allgemeine Zeitungga tayanib, Deutsche Welle xabar qilgan.

Nashrning yozishicha, shunday yo‘nalishlardan biri Turkiya janubidagi Antaliya portidan boshlanadi. Shunday nuqtalardan yana biri Suriya chegarasiga yaqin joylashgan Mersin shahridan yoki markaziy Gretsiyaning Afina shahrida joylashgan. Muhojirlar shu joylarga yetib olishsa bas, bu yerdan ular baliqchilik yoki uncha katta bo‘lmagan savdo kemalarida O‘rta Yer dengizini suzib o‘tib, Italiyaga kirib kelishadi.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, bunday sayohat kishi boshiga 3 mingdan 5 ming yevrogacha aylanadi.

Ayrim qochqinlar esa, Gretsiyadan Albaniya orqali Italiyaga o‘tishga harakat qilishadi.

Yana bir muqobil yo‘nalish Bolgariya orqali o‘tadi. Bu yerdan ular Ruminiya yoki Serbiyaga o‘tishga urinib ko‘rishadi. Biroq, ikkala holatda ham jiddiy to‘siqlar mavjud.

Ruminiyada Karpat tog‘lari xalaqit bersa, Serbiyaning YeI bilan chegaralari avvalgidan ham kuchliroq qo‘riqlanadi.

Shu sababli ko‘psonli qochqinlarning aksariyati Bolgariyaning o‘zida qolishni ma'qul ko‘rishmoqda.

Top