07:29 / 28.03.2016
1845

Manba: Rostov-Dondagi Boeing halokati uchuvchilar yakdil fikrda bo‘lmagani tufayli yuz bergan

Flydubai aviakompaniyasining Rostov-Donda qulagan samolyoti uchuvchilarning samolyotni boshqarish borasidagi kelishmovchiligi sababli falokatga uchragan bo‘lishi mumkin, deb xabar bermoqda fojiani tergov qilishga yaqin bo‘lgan manbaga iqtibos keltirgan holda "Kommersant" nashri.

Samolyotning ko‘rsatkichlar va nutq bortyozgichlaridagi ma'lumotlar samolyot uchuvchining aybi bilan falokatga uchraganini ko‘rsatmoqda. 

Samolyot falokatga uchrashidan oldin uchuvchilar orasida kelishmovchilik chiqqan. Uchuvchi va uning yordamchisi qulayotgan samolyot bilan nima qilish kerakligi haqida turli fikrda bo‘lganlar. Uchuvchilar bir to‘xtamga kelganlarida esa juda kech bo‘lgan.

Fojia sababining yangi taxminiga ko‘ra, samolyot qo‘na olmagach uni navbatdagi balandlikka ko‘tarish paytida uchuvchilardan biri samolyotning tumshug‘ini juda yuqori ko‘tarib yuborgan, buning oqibatida samolyot keskin tezlikni yo‘qotib, qulay boshlagan. "Qora qutilar"ning rasshifrovkasida bir uchuvchi ikkinchisiga "Qayerga uchyapsan. To‘xta!" deb baqirgani eshitilgan.

Ekspertlarning fikricha,  uchuvchilar charchoq yoki tajriba kamligi sababli samolyotning o‘z-o‘zicha manyovr amalga oshirganini anglay olmagan bo‘lishlari mumkin.

Samolyot shturvalini o‘ziga tortishga barcha urinishlar vaziyatni yanada keskinlashtirgan. Bundan keyin bort kompyuteriga ikkala shturvaldan ham turli harakatlar amalga oshirilayotgani haqida signallar kela boshlagan, vaholanki uchuvchilar bir xil harakatlarni amalga oshirgan holda, sinxron ishlashlari kerak.

Ya'ni bir uchuvchi balandlikka ko‘tarilmoqchi bo‘lganda ikkinchisi aksincha balandlikka ko‘tarilishni to‘xtatmoqchi bo‘lgan.

Mutaxassislar hozircha uchuvchilardan qaysi biri xatoga yo‘l qo‘ygani, qaysi biri uni to‘g‘rilamoqchi bo‘lgani borasida aniq javob bera olmayaptilar.

"Samolyotning falokatiga uchuvchilar o‘rtasida bir xil fikr bo‘lmagani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Samolyot tezligi pasaya boshlaganda, kabinada kelishmovchilik chiqqan. Samolyotni boshqarayotgan uchuvchi balandlikka ko‘tarilayotib, tezlikni oshirmoqchi bo‘lgan va buning uchun dvigatellar ish rejimini havoga ko‘tarilish holatigacha oshirgan. Uning sherigi esa birinchi navbatda samolyot tumshug‘ini pasaytirib olish kerak degan fikr bildirgan. U o‘z sherigiga "To‘xta. Qayerga? To‘xta. To‘xta" deb uni aql bilan ish qilishga chaqirmoqchi bo‘lgan va shu bilan bir vaqtda shturvalni o‘zidan itarib, balandlikka ko‘tarilishni to‘xtatmoqchi bo‘lgan", deb aytdi manba.

Top