15:55 / 28.03.2016
1769

Toshkentda Sardor Milanoning ilk albomi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

24 mart kuni Rossiyadagi "Glavnaya stsena" teleshousi g‘olibi Sardor Milano o‘zining ilk musiqiy albomini taqdim etdi. Albom "Vremya skazat" ("Aytish vaqti keldi") deb nomlanib, undan 9 ta qo‘shiq joy oldi.

"Vremya skazat" ("Aytish vaqti keldi") albomining nomi Husan Solihov ("Qor malikasi" myuziklining rejissyori)ga tegishlidir. Albom diskini Saidazim Fozilov suratlari bezadi. Albom chiqarish jarayonida turli studiyalardan foydalanildi. Uning bir qismi Moskvada, qolgan qismi Toshkentda yozilgan.

Albomga "Glavnaya stsena"da ijro etilgan qo‘shiqlar, shuningdek, Konstantin Meladzening bir qo‘shig‘i va toshkentlik bastakorlarning uch qo‘shig‘i kiritildi.

Sardor qo‘shiqlarining barchasi chin dildan ijro etilgani, bunda unga o‘z ishining ustalari yaqindan yordam berganliklarini ta'kidlab, ularga minnatdorchilik bildirdi.

"Kelajakni oldindan bilib bo‘lmaydi, lekin men xalqaro miqyosdagi professional ijrochi bo‘lish, Amerika musiqa olamiga kirib borishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman. Razolat avj olgan bugungi kunda insonlarga mehr ulashish men uchun muhim ahamiyatga ega", - deydi Milano.

Top