12:40 / 29.03.2016
1617

O‘zbekistonlik bokschilar Osiyo-Okeaniya Olimpiya saralash musobaqasini g‘alaba bilan boshladi

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari Xitoyning Kuinan shahrida o‘tkazilayotgan Osiyo-Okeaniya Olimpiya saralash musobaqasini g‘alaba bilan boshladi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Nufuzli musobaqada o‘ttizdan ziyod davlatdan jami 226 bokschi sovrinli o‘rinlar bilan birga joriy yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahri mezbonlik qiladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun bellashmoqda. Qoidaga ko‘ra, har bir vazn toifasida kuchli uchlikka kirgan bokschilar yo‘llanmaga ega bo‘ladi.

Musobaqada qatnashish uchun O‘zbekiston erkaklar va xotin-qizlar terma jamoalari tarkibiga jami to‘qqiz bokschi – Hasanboy Do‘smatov, Shahobiddin Zoirov, Shahram G‘iyosov, Elshod Rasulov, Rustam To‘laganov, Bahodir Jalolov, Yodgoroy Mirzayeva, Maftuna Meliyeva va Nafisa Asqarova kiritilgan.

Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda to‘rt bokschimiz ilk jangida g‘alaba qozondi.

Vazni 49 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida Hasanboy Do‘smatov qirg‘izistonlik Turat Osmanovni yenggan bo‘lsa, 52 kilogrammgacha vazn toifasidagi charm qo‘lqop ustalari o‘rtasida ringga chiqqan Shahobiddin Zoirov singapurlik Muhammad Hanurih Hamidga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.

69 kilogrammgacha og‘irlikdagi bokschilar bahsida Shahram G‘iyosov yaponiyalik Ryuji Satoni mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, vazni 81 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bellashuvida Elshod Rasulov xitoylik Guojun Shi ustidan g‘alaba qozondi.

Rustam To‘laganov va Bahodir Jalolov musobaqani chorak finaldan boshlaydi.

Xotin-qizlar bahsida qatnashayotgan Yodgoroy Mirzayeva 51 kilogrammgacha vazn toifasidagi bokschilar o‘rtasida indoneziyalik Beatriks Sugoroni yengdi.

Musobaqa davom etmoqda.

Top