18:41 / 29.03.2016
1712

Xitoyliklar salkam 3 soat davomida Google’dan foydalanish imkoniga ega bo‘lishdi

Xitoyda faoliyati taqiqlangan Google qidiruv xizmatidan bir necha soatga foydalanish mumkin bo‘ldi. Internet foydalanuvchilari, 29 martga o‘tar kechasi soat 22:30dan 01:15gacha google.com, google.com.hk, google.com.vn va google.com.sg sahifalari orqali saytlarga kirish imkoniga ega bo‘lishgan, ammo, boshqa yirik internet resurslari, xususan Facebook va YouTube’ga qo‘yilgan taqiq o‘z kuchida qolavergan.

Taxminlarga ko‘ra, Google Osiyoda yangi serverlarini ishga tushirishi bilan elektron to‘siqni chetlab o‘ta olgan. Aytish joizki, bu holat Xitoydagi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lib, so‘z erkinligiga qaytish ramzi sifatida baholandi.

Google xizmatlari XXRda 2010 yildan beri to‘sib kelinadi. Bunga, Google’ning tarmoqdagi ma'lumotlarni tozalash tizimini joriy qilish borasidagi Xitoy hukumati talabini bajarmagani asos bo‘lgan. Facebook va Twitter esa, 2009 yil yozida mamlakat shimoli g‘arbida joylashgan Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatida yuz bergan noxush voqealardan so‘ng taqiqlangan edi. Mamlakatda shuningdek, matnli xabarlar bilan almashish imkonini beruvchi mobil ilovalar ham ishlamaydi. YouTube videoservisi 2008 yildan beri xizmat ko‘rsatmaydi.

Top