18:47 / 30.03.2016
1720

AQShda 1 mlrd dollarlik qiymatga ega startaplarning yarmidan ko‘piga muhojirlar asos solgan

Forbes jurnali National Foundation for American Policy (NFAP) nodavlat tashkiloti AQSh startap sanoatida muhojirlarning o‘rniga bag‘ishlangan tadqiqoti haqida yozdi. Unda yozilishicha, 1 milliard dollarlik qiymatga ega Amerika startaplarining yarmidan ko‘pi muhojirlar tomonidan yaratilgan.

2016 yilning martida yoritilgan NFAP olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra, AQShda tez o‘suvchi kompaniyalarning yaratilishda muhojirlarning roli katta. Bunday kompaniyalarning 70 foizidan ortig‘ida muhojirlar katta mavqega ega. Undan tashqari, tadqiqotda ma'lum qilinishicha, AQShda asoschi-muhojirlar bir kompaniyada 760tacha ishchi o‘rin yaratishmoqda.

Tadqiqotchilar ogohlantirish berishdi: muhojirlarga nisbatan choralarning keskinlashuvi ilg‘or kompaniyalarning yaratilmasligiga olib keladi. 2394-sonli qonun loyihasi 10 yil avval qabul qilinganida edi, bugungi kundagi ko‘plab kompaniyalar umuman bo‘lmas edi.

Quyida tadqiqotning asosiy tezislari keltiriladi.
1 milliarddan ortiq qiymatga baholanayotgan 87 startapdan 44tasi asoschilari qatoriga kamida bitta muhojir kiradi. Bu chetdan keluvchilarning Amerika iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasining muhimligini bildiradi.

Tadqiqot birinchi navbatda sog‘liqni saqlash, energetika, moliyaviy xizmatlar va boshqa sohalarda faoliyat ko‘rsatuvchi xususiy kompaniyalarda muhojirlarning o‘rniga bag‘ishlangan. 87 kompaniyadan 62tasida kamida bir nafardan muhojir bor. Ular asosan texnik yoki bosh direktorlardir. Misol tariqasida Uber startapining texnik direktori Vetnam urushidan 10 yoshligida oilasi bilan qayiqda qochib kelgan Tuana Pamani olish mumkin. U AQShga muhojir sifatida kirib kelgan.

Asoschi-muhojirlar startapi ishchi o‘rinlar yaratilishida ham oldinda bormoqda. Janubiy afrikalik Ilon Mask tomonidan yaratilgan 13,5 milliardga baholanayotgan SpaceX kompaniyasida 4 ming kishi ishlaydi. Mu Sigma kompaniyasida - 3,5 ming xodim (asoschisi - hindistonlik Dhiray Rajaram ). Nemis Piter Til tomonidan yaratilgan Palantir Technologies`da 2 ming ishchi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Muhojirlar tomonidan tashkil etilgan kompaniyalar Amerika iste'molchilari uchun ko‘plab foydali mahsulotlar ishlab chiqarishgan. Uber Amerika shaharlarida harakatlanish texnologiyasini qayta ishlab chiqdi, SpaceX amerikaliklarni Marsga jo‘natmoqchi.

AQShga talabalar vizasi bilan kirish - muvaffaqiyatli kompaniya yaratishga qo‘yilgan yaxshi qadam.

Startap yaratuvchilari orasida eng sermahsuli Hindiston bo‘lib, 14 nafar hindistonlik 1 milliardli qiymatga ega kompaniyalarga asos solishgan. Uning ortidan Kanada va Buyuk Britaniya (8 nafar), Isroil (7 nafar), Germaniya (4 nafar), Xitoy (3 nafar), Fransiya (2 nafar) keladi. Ro‘yxatda shuningdek boshqa 12ta mamlakatdan kelgan bittadan vakil bor, ular orasida Ozarbayjon, Misr, Iroq va O‘zbekiston ham bor.

1 milliard va undan ortiq qiymatga ega 44 startapdan 32tasi Kaliforniyaga to‘g‘ri keladi. Undan keyin esa Nyu-York (6), Massachusets (4) va Illinoys (2).

Top