17:18 / 30.03.2016
2248

MSQRD tarixi: Belaruslik uch dasturchi o‘z loyihasini Mark Tsukerbergga sotishga muvaffaq bo‘lgani haqida

2016 yilning mart oyi boshida Facebook ijtimoiy tarmog‘i mashhur MSQRD dasturini qo‘lga kiritganini ma'lum qildi. Bu dastur videodagi niqoblarni real vaqtda kiyib ko‘rish imkonini beradi.

Mavjud manbalardan foydalangan hamda kompaniya asoschisi Yevgeniy Nevgen bilan suhbatlashgan vc.ru bosh muharriri kompaniya muvaffaqiyati sabalarini tahlil qilish va jamoaning kelgusidagi rejlarini bilish maqsadida MSQRD yaratuvchilarining tanishuvlaridan to Facebook bilan tuzgan bitimigacha bo‘lgan tarixini bir maqolada jamladi.

Kompaniya asoschilari - Yevgeniy Nevgen, Sergey Gonchar va Yevgeniy Zatepyakin.

Nevgen Minskdagi «Prezident-Otel» mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan «Pro biznes.LIVE» tadbiridagi ishtiroki chig‘ida Sergey Gonchar bilan tanishib qoladi.

"Men loyihani namoyish etayotgandim, Sergey zalda o‘tirgandi, u menga savol bera boshlagani tufayli anjuman bir muddatga to‘xtab qoldi. Biz suhbatga shu darajada kirishib ketdikki, bizni hech kim to‘xtata olmadi", - deydi Yevgeniy Nevgen.

Sergey yoshligidan dasturlashga qiziqadi. Bunga ota-onasining kompyuter sovg‘a qilishi hamda akasi olib kelgan Dmitriy Gurskoyning Flash va ActionScript`ga bag‘ishlangan kitobi sabab bo‘lgan. U o‘qib-o‘rganib, eng yaxshi dasturchilardan biriga aylanadi va asosan uning bilimi va malakasi tufayli MSQRD loyihasi paydo bo‘ldi.

Yevgeniy Nevgen maktab davridayoq har bir inson o‘z sahifasini yaratishi mumkin bo‘lgan xizmat turini o‘ylab topgan.

"U paytlar men ijtimoiy sahifa nimaligini bilmasdim, u shunga o‘xshash narsa edi - profil, devor, odamlar o‘zaro muloqot qilishi mumkin bo‘lgan", -deydi u.

Maktabda hech kim bu konsepsiyani tushunmaydi. Keyinchalik Yevgeniy shunga o‘xshash boshqa dasturi bilan respublika tanlovida g‘olib bo‘ladi.

Maktabdan so‘ng Sergey olimpiada dasturlari bilan shug‘ullana boshladi, u Flash multiplikatsiyasini yaratdi hamda interaktiv dasturlarni amalga oshirdi. Uning faoliyati tadbirkor Anton Volkovni qiziqtirib qo‘yadi va u Sergeyni AlternativaPlatform o‘yin kompaniyasida 3D-harakati bilan shug‘ullanishga taklif etadi. Shu davrni Gonchar o‘z hayotidagi keskin burilish deb hisoblaydi. Alternativa Platform`ning eng ilg‘or loyihasi - "Onlayn tanklar" o‘yini.

Ikki yil ichida Sergey bu sohadagi eng ko‘zga ko‘ringan mutaxassislardan biriga aylanadi. Uning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi Stage3D guruhi 2000dan ortiq mutaxassislarni o‘zida jamlagan.

Nevgen SplitMetrics`dagi faoliyati davomida turli g‘oyalarni sinovdan o‘tkazdi. O‘sha paytda Periscope tez o‘sayotgan edi - tadbirkor odamlarga muloqot chog‘ida hissiyotlarni qo‘shuvchi uskuna kerakligini anglab yetdi, bunday vositalar sifatida aynan filtrlardan foydalanildi. Nevgen va Goncharning fikrlariga ko‘ra, bunday uskuna muloqotni yangi bosqichga olib chiqishi kerak edi.

Snapchat va Looksery o‘rtasidagi kelishuv o‘ylangan rejalarni amalga oshirishga turtki bo‘ldi. Nevgen Goncharga g‘oya haqida eslatib qo‘ydi. Ularning bu yo‘nalishda muayyan rejalari bor edi. Sergey yangi loyihani namoyish etganida, unga bu xizmatni App Store`da qachon paydo bo‘lishi haqida savol berishdi, u Yevgeniy bilan kelishib "Rojdestvogacha" deb javob beradi. Bayramgacha atigi 3 hafta qolgan bo‘lsa-da, ular omma oldidagi va'dalarining ustidan chiqishdi. Yangi yil bilan bog‘liq niqoblar - maymun va ayiq - dasturni yanada yuqumli qilishdi: foydalanuvchilar bir-birlarini ular yordamida bayram bilan tabriklashdi. Bulardan tashqari yana boshqa niqoblar ham bo‘lib, ular orasida ayniqsa Leonardo di Kaprio va Stalin niqoblari ommalashdi.

Bir oy o‘tib bu dasturdan foydalanuvchilar soni millionga yetdi, ikki oyda - 10 million, Facebook bilan bitimga kelish davrigacha - 16 million, maqola nashr qilinguncha esa - 35 millionni tashkil etdi. Apptopia kompaniyasidan bo‘lgan Business Insider eksperti Jonatan Keyning ta'kidlashicha, bunday o‘sish surati juda kamdan-kam holatlarda kuzatiladi.

Dastur ko‘p mamlakatlarda App Store reytingining birinchi o‘rinlariga ko‘tarildi.

Zatepyakin - asoschilar orasida eng katta yoshlisi. Gonchar va Nevgen 23 yoshda. Ular quyidagi tartibda ishlaydilar - Zatepyakin texnologiya bilan shug‘ullanadi, Gonchar grafika ishlab chiqaradi, Nevgen esa dizayn va niqoblar uchun javobgar.

Facebook bilan kelishilgan bitimni Nevgen "tezlashish imkoni" deb izohlaydi, axir Mark Tsukerbergning ijtimoiy tarmog‘i 1,5 milliard kishini o‘z ichiga oladi.

Bu jamoa yana ikkita jiddiy taklif oldi - biri AQShdan, ikkinchisi boshqa davlatdan. Shuningdek yana 3-4 kompaniyalar ularga katta qiziqish bildirmoqda. Business Insider nashrining ta'kidlashicha, ulardan biri Twitter hisoblanadi.

Top